Junaydxon

Vikipediya, ochiq ensiklopediya
Junaydxon
Tavalludi 1857 va 1862
Vafoti 1938

JUNAYDXON Qurbon Mamed (Muhammad) sardor (turkmancha: Jüneýt han; 1857, hozirgi Taxta tumani, Turkmaniston — 1938, Hirot atrofi, Afgʻoniston) — Istiqlolchilik harakati namoyandalaridan. Mustamlakachi chor Rossiyasi hamda shoʻro qoʻshinlariga qarshi kurashgan. Yovmut qabilasi bayramali urugʻining junayd tarmogʻiga mansub. Nizoli masalalarni adolatli hal qilganligi va jasurligi uchun turkmanlar orasida uning shuhrati keng yoyilgan. U uzoq yillar mobaynida oʻz urugʻining mirobi, qozisi, oqsoqoli, harbiy boshligʻi boʻlgan. Chorizmning Xiva yurishlari paytida yosh Qurbon Mamed turkman yovmut yigitlari qatorida rus bosqinchilariga qarshi janglarda qatnashgan. Asfandiyorxon Junaydxonni turkman qabilalarining sardori etib tayinlagan (1915). Turkman oqsoqollari uni Junaydxon deb eʼlon qilishgan. Turkman davlatini tuzish maqsa-dida Junaydxon Xivaga yurish qilgan (1916). Xivani egallagan Junaydxon qoʻshini xondan katta miqdorda tovon puli olgach, 15-fevralda poytaxtni tark qiladi. Turkiston harbiy gubernatori zudlik bilan Xivaga Toshkentdan general Galkinning jazo otryadini yuboradi. 16-martda Gʻazovotda Junaydxon qoʻshini ruslardan yengilgach, Qoraqumga chekingan, soʻngra Eron va Afgʻonistonga oʻtib ketgan. Junaydxon 1917 yil yozida Xorazmga qaytib kelib, siyosiy hokimiyat uchun kurashni davom ettirgan. 1918 yil 10-yanvarda Asfandiyorxon Junaydxonni Xivaga taklif qilib, xonlik qoʻshinlarining bosh qoʻmondoni qilib tayinlashga majbur boʻlgan. Junaydxon 1918 yil oktabrda Asfandiyorxonga suiqasd uyushtirib, uni oʻldirgan va xonning akasi Sayd Abdullaxonni Xiva taxtiga oʻtqazgan, amalda Junaydxon xonlikning mutlaq hukmdoriga aylangan. Rossiyaga (1918 yil yanvar — 1920-yanvar) qaram boʻlgan Xiva xonligi amalda mustaqil davlatga aylangan. Junaydxon 1918 yil oʻrtalari — 1920 yil yanvarda shoʻro qoʻshinlariga qarshi keskin kurash olib borgan, biroq magʻlubiyatga uchrab choʻlga chekingan. Xivada xonlik tuzumi agʻdarilib Xorazm Xalq Sovet Respublikasi (XXSR) tuzilgan. Junaydxon turkman, oʻzbek, qoraqalpoq, qozoqlardan iborat 30 ming kishilik qoʻshin tuzib kurashni davom ettirgan. Shoʻro hukumati Junaydxon ga qarshi kurashda boshqa turkman sardorlari Qoʻshmamadxon va Gʻulomalixonlarni jalb qilgan. Natijada 1920 yil avgustda ular Junaydxon koʻshiniga zarba berishgan. Junaydxon Turkistondagi istiqlolchilik harakati kuchlarini yagona qoʻmondonlik ostiga birlashtirish maqsadida 1922 yil boshida Anvar posho va Fargʻonadagi qoʻrboshilar bilan aloqa oʻrnatgan. U oʻz qoʻshinida qattiq tartib intizom oʻrnatdi va xorijdan zamonaviy qurollar sotib oldi. Junaydxon 1922 yil aprelda Porsu qalʼasini qizillardan ozod qilgan. 1923 yil dekabrda Pitnak, Hazorasp, Bogʻot, Xonqa tumanlarida shoʻro tuzumiga qarshi dehqonlarning ommaviy qoʻzgʻolonlari boshlangan. Junaydxon qoʻzgʻolonchilarga madad berish uchun 15 ming kishilik qoʻshini bilan Xivani gʻarbdan qurshovga olgan (1924 yil 10-yanvar) Shoʻro hukumati unga qarshi butun vositalarini ishga solib fevral boshlarida Xivaga Toshkent, Toʻrtkoʻl, Aktyubinsk (Oqtoʻba)dan qoʻshimcha kuch tashlagan, Junaydxon Afgʻonistonga chekinish (1924.17.6)ga majbur boʻlgan. Biroq shu yilning kuzida Xorazm vohasiga qaytib kurashni davom ettirgan. Turkmaniston SSR Sovetlarining 1-sʼyezdi yangi hukumat boshligʻi Q. Otaboyevning qatʼiy talabi bilan Junaydxon va uning safdoshlarini afv etgan (1925 yil fevral). BiroqJunaydxon 1927 yil 19 sentabrda Toshhovuz okrugidagi Oqtepada shoʻro hokimiyatiga qarshi qoʻzgʻolon koʻtargan. Turkmaniston XKS va MI K darhol Junaydxonni qonundan tashqari deb eʼlon qilgan. Junaydxon lashkari Toshxovuz okrugi Taxta va Koʻhna Urganch tumanlaridagi koʻplab ovullarda shoʻro hokimiyatini tugatishgan. Tengsiz janglarda Junaydxon magʻlubiyatga uchragan boʻlsada, S. M. Budyonniyning saralangan maxsus otliq qoʻshini uni qoʻlga tushira olmagan. Junaydxon Xorazm vohasida ayrim tanaffuslar bilan 1931 yilgacha kurash olib borib, nihoyat Eron orqali Afgʻonistonga oʻtib ketgan.

Yana qarang[tahrir | manbasini tahrirlash]

Adabiyotlar[tahrir | manbasini tahrirlash]

  • Yusupov P., Yosh xivaliklar tarixi (xotiralar), Urganch, 2000; Rajabov Q. K., Mustaqil Turkiston fikri uchun mujodalalar. T., 2000; Oʻzbekistonning yangi tarixi, 2-kitob (Oʻzbekiston sovet mustamlakachiligi davrida), T., 2000; Turkestan v nachale XX veka: k istorii istokov natsionalnoy nezavisimosti, T., 2000; Xiva — ming gumbaz shahri, T., 1997; Validiy A. 3., Boʻlinganni boʻri yer (xotiralar), T., 1997.

Qahramon Rajabov.[1]

Manbalar[tahrir | manbasini tahrirlash]

  1. OʻzME. Birinchi jild. Toshkent, 2000-yil