Mavlono Burhoniddin

Vikipediya, ochiq ensiklopediya

Mavlono Burhoniddin (15-asr) – muammonavis shoir va olim, Alisher Navoiyning zamondoshi. Mavlononing Navoiy bilan doʻstligi (873-hijriy-qamariy/1469-milodiy) – Navoiyning muhrdorlik vazifasiga tayinlanishi munosabati bilan sheʼriy taʼrix yozishdan boshlangan. Bu haqda “Majolis un-nafois”da[1][2]oʻqiymiz:

“Bu faqirgʻa podshoh muhr taklifi qilgʻonda taʼrix aytib erdikim, bagʻoyat xub voqeʼ boʻlib erdi. Ammo chun faqirning taʼrifiki, nafs ul-amrdin gʻayri voqeʼdur, lozim kelib erdi, bitilmadi va lekin asl misrasi budurkim: Taʼrixash in bud, ki: “Alisher moʻhr zad”.

Mavlono Burhoniddining mazkur “ki Alisher moʻhr zad” (ki Alisher muhr urdi) tarixnomasi ajoyib bir voqea bilan bogʻliq: oʻn yil muqaddam, yaʼni 863-hijriy-qamariy/1459-milodiy yil hirotlik amaldor Mir Darvish Ali muhrdorlik vazifasini egallaganida Mavlono Burhoniddin oʻsha sanaga bagʻish­lab ham “Darvish Ali moʻhr zad” (Darvish Ali muhr urdi) deb taʼrix bitadi va oʻshandan roppa-rosa oʻn yil oʻtib “Darvish Ali moʻhr zad” oʻrniga “ki Alisher muhr zad” iborasini qoʻllaydi. Bunday holatdan hazrat Navoiy ajablanadi va uni Mavlononing gʻaroyib karomatlaridan biri, deb hisoblaydi.

Navoiy Mavlono Burhoniddinning Hirot aslzodalaridan ekani, donishmand, xushtabʼ va muloyim tabiatli kishi boʻlgani, muammo sanʼatiga oid “Javohir ul-asmo” nomli risola bitganligi va bu risola Abulqosim Boburga bagʻishlab yozilganligi haqida maʼlumot beradi. Mavlono Burhoniddin 873 hijriy-qamar./1469 milodiy yildan boshlab Hirotda mudarrislik bilan shugʻullangan. Uning darslarini talabalar intizorlik bilan kutgan.

Mavlono Burhoniddin Navoiyning Astarobodga hokim etib tayinlanishi munosabati bilan ham taʼrix bitgan:

On Miri Nizomidin Alisher

Avsof burun zi haddi taqrir.

Chun kard qabul boz amorat,

Taʼrixash shud “amorati Mir”.

(Mazmuni: Amir Nizomiddin Alisherning sifatlari taʼrifga sigʻmaydi. Amirlikni qayta qabul qilgani uchun ham taʼrixi “amorati Mir” (“Amirning amirligi”) boʻldi).

Manbalar[tahrir | manbasini tahrirlash]

  1. Alisher Navoiy: Qomusiy lug'at. 
  2. Majolis un-nafois.