Materiallarning charchashi

Vikipediya, ochiq ensiklopediya
Jump to navigation Jump to search

Materiallarning charchashi - vaqt boʻyicha koʻp martalab (siklik tarzda) oʻzgarib turadigan zoʻriqishlar va deformatsiyalarning uzoq davom etuvchi taʼsiri okibatida materiallar (metall, tola, yogʻoch, gazlama va boshqalar)ning mexanik va fizik xossalari oʻzgarishi. Charchash jarayoni mobaynida material holatining oʻzgarishi uning mexanik xossalarida, makro- va mikrotuzilishi va boshqa xossalarida aks etadi. Bu oʻzgarishlar bosqichmabosqich yuz beradi va materialning dastlabki xossalariga, zoʻriqqan holatning turiga, kuch taʼsir etish tarzi va tashki muhit taʼsiriga bogʻliq boʻladi. Oʻzgarishlarning muayyan bosqichlarida materialning yemirilishiga qarshiligi pasayishining qaytmas jarayoni boshlanadi. Bu jarayon baʼzi materiallarda tezroq, baʼzilarida kechroq yuz beradi. Natijada charchashdan shikastlanish deb ifodalanadigan yemirilish alomatlari (mas, metallda darzlar, tolalarda uzilishlar, gazlamalarda sitilishlar va boshqalar) paydo boʻladi. Dastlab materialning tarkibiy tuzilishida va ular tutashgan chegaralarda mikrodarzlar (mikroskop orqali koʻrinadigan darzlar) paydo boʻladi, keyin ular makrodarzlar (oddiy koʻz bilan koʻrinadigan darzlar) ga aylanadi, oqibatda konstruksiya elementi (yoki sinalayotgan namuna) butunlay yemiriladi.

Materiallarning charchashi charchash egri chizigʻi bilan ifodalanadi. Muayyan vaqt mobaynida toʻplangan shikastlanishlar va taʼsir sikllari soni orasidagi nisbat charchash egri chizigʻi deb ataladi. Bu egri chiziq har xil materiallar uchun turlicha shaklni egallaydi. U koʻp siklli sohadagi charchash egri chizigʻiga va kam siklli soxadagi charchash chizigʻiga boʻlinadi. Inshootlar, mashinalar, mexanizmlar va detallarga material tanlashda namunani sinash natijasida hosil boʻlgan charchash egri chizigʻi hisobga olinadi. Gazlama toʻqish uchun tolalarni tanlashda ham shu egri chiziqdan foydalaniladi, yaʼni tolalarning charchashi (uzilishga chidamliligi) hisobga olinadi.

Fatxulla Abdullayev.[1]

Manbalar[tahrir]

  1. OʻzME. Birinchi jild. Toshkent, 2000-yil