Kontent qismiga oʻtish

Marmar saroyi

Vikipediya, erkin ensiklopediya

Marmar saroyi — Eronning Tehron shahridagi tarixiy saroy va muzeylaridan biri, u Pahlaviylar davrida qurilgan. Bu asar Eron milliy asarlaridan biri sifatida hijriy-shamsiy 1357-yil 30-iyunda 1606 raqami bilan ro‘yxatga olingan.

Hijriy-shamsiy 1355-yilda Rizoshoh Pahlaviyni yaqinroq bilish maqsadida bu saroy muzeyga aylantirilib, unga „Pahlaviy muzeyi“ nomi tanlangan. Ushbu muzey hijriy-shamsiy 1357-yilgacha va monarxiya qulagunga qadar oʻz faoliyatini davom ettirdi. Hijriy-shamsiy 1357-yilgi inqilobdan keyin bu saroy qirq yil muddatga davlat idoralariga berilgan. Inqilob boshida u Inqilob qoʻmitasi edi, soʻngra qozilarning yuqori martabali amaldorlari idorasiga, keyin esa Akbar Hoshimiy Rafsanjoniy idorasiga va Siyosiy maqsadga muvofiqligini aniqlovchi kengash majlislarining oʻtkazilish joyiga aylandi. Hijriy-shamsiy 1397-yilda bu saroy Siyosiy maqsadga muvofiqligini aniqlovchi kengash tomonidan Mustazafon fondiga topshirilgan va 1398-yilda rekonstruksiyadan soʻng muzey sifatida „Eron sanʼati muzeyi“ nomi bilan yana xalqqa taqdim etilgan[1].

Marmar saroy yerlari dastlab Qojar shahzodalari, jumladan Farmonfarmayon oilasiga tegishli edi. Bu bino Karajning buyuk xoni Muhammadriza Tavaziashvilining buyrugʻi bilan va Levon Tadosyan meʼmorchiligi bilan qurilgan. Dastlab bu saroy Muhammadrizoning uyi bo‘lib, Pahlaviyga berilganidan keyin Rizoshohning idorasi va qishki qarorgohi sifatida foydalanilgan, Milliy xazina qonuni ishlab chiqilgunga qadar Eronning milliy taqinchoqlari Guliston saroyidan ushbu saroyga keltirilib, yertoʻlasida saqlangan.

Rizoshoh hozirgi Marmar saroyi o‘rniga marmar bino qurishni rejalashtirgan. Isfahon aholisi Ishfahondagi Shayx Lutfulloh masjidi gumbaziga o‘xshash ko‘rinishga ega tilla qoplamani taqdim etgandan so‘ng, Rizoshoh binoni qurishga va unga Ishfahondagi Shayx Lutfulloh masjidi gumbazi shaklidagi gumbaz o‘rnatilishiga qaror qildi. Uning qurilishi hijriy-shamsiy 1304-yilda boshlanib, oʻn yildan ortiq davom etgan[2]. Gumbaz koshinlarini tayyorlash jarayonida qaymoq ​​rangni chiqarishda muammoga duch kelishgan. Bu muammoni Izadiy ismli qari koshin ustasi tilla aralashmasidan foydalangan holda hal qildi. Devorlarga tillani Husayn Tohirzoda Behzod yurgizgan[3].

Muhammad Rizoshoh Pahlaviy hukmronligining dastlabki yillarida bu saroydan podshohning rasmiy idorasi hamda majlislar, uchrashuvlar va tantanalar o‘tkaziladigan joy sifatida foydalanilgan. Favziya va Muhammad Rizo Pahlaviy bu saroyda birga yashab, podshohning Surayyo Isfandiyoriy bilan to‘y marosimi, Farah Pahlaviy bilan unashtirish marosimi ham shu saroyda o‘tkazilgan. Rizo Shamsobodiy tomonidan shohga suiqasd uyushtirilganidan keyin shohning maxsus idorasi Sohibqironiya saroyiga ko‘chirildi. Bu saroy hijriy-shamsiy 1355-yilda muzeyga aylantirildi va 1357-yilgacha „Pahlaviy muzeyi“ nomi bilan faoliyat olib bordi[4].

  1. „پاسخ مجمع به اظهارات ریاست محترم بنیاد مستضعفان و رییس محترم شورای شهر تهران“. http://maslahat.ir/. 2022-yil 14-dekabrda asl nusxadan arxivlangan. Qaraldi: 2022-yil 14-dekabr.
  2. خاطرات سلیمان بهبودی. صهبا, 1372 — 368-bet. 
  3. کتاب ۵ گلوله برای شاه، محمود تربتی سنجابی، انتشارات خجسته، تهران، ۱۳۸۱
  4. کتاب ۵ گلوله برای شاه، محمود تربتی سنجابی، انتشارات خجسته، تهران، ۱۳۸۱