Kontent qismiga oʻtish

Maqsud Qosimov

Vikipediya, erkin ensiklopediya

Maqsud Qosimov (1905-Toshkent -1965) — yogʻoch oʻymakori, naqqosh usta. Hunarni togʻasi usta Mirsoat Isamuhamedovdan oʻrgangan. 16 yoshidan duradgor usta. 1935-yilda Toshkent badiiy oʻquv ishlab chiqarish kombinatida taʼlim olgan; yogʻoch oʻymakorligini A.Abdurahmonov va S.Xoʻjayevdan, naqqoshlikni O. Qosimjonovdan, panjarasozlikni usta N.Ziyoqoriyevdan oʻzlashtirgan. Q. ijodiy faoliyatida buyumlarni anʼanaviy naqshlar bilan bezagan; yogʻoch oʻymakorligi bilan panjara sanʼatini uygʻunlashtirib eshik, stol, kursi, quticha kabi jozibador buyumlar tayyorlagan. Qosimov shuningdek. Butunittifoq qishloq xoʻjaligi koʻrgazmasining Oʻzbekiston, Qirgʻiziston, tojikiston pavilonlarini bezashda qatnashgan; Muqimiy teatrining oʻymakori eshigini, Navoiy teatridagi oʻrindiqlarni ("sebarg" naqshi bilan) bezagan; Navoiy teatridagi ganchkorlik ishlarida, meʼmoriy obidalar (jumladan, Polovsev uyi, hozirgi Amaliy sanʼat muzeyi binosi va boshqalar)ni taʼmirlashda ishtirok etgan. 1940—42 yillarda Qirgʻiziston poytaxtidagi hunarmandlik oʻquv ishlab chiqarish kombinatida, 1950-yillarning oxiridan Benkov nomidagi Respublika rassomlik bilim yurtida dars bergan; O. Fayzullayev, H. Qosimov kabi shogirdlar tayyorlagan. Qosimov ishlaridan namunalar respublika va chet mamlakatlar muzeylarida saqlanadi.