Kontent qismiga oʻtish

Mahmud Usmonov

Vikipediya, erkin ensiklopediya

Mahmud Usmonov (1910-yilda Toshkentda tugʻilgan, 1997-yil 7-yanvarda vafot etgan) – ganchkor usta, Oʻzbekiston Badiiy akademiyasi akademik (1997), Oʻzbekiston SSR xalq rassomi (1977). Hunarni otasi usta Usmon Ikromovdan, keyinchalik Usta Shirin Murodovdan oʻrgangan. Usmonov ijodida Toshkent ganchkorligi sanʼati anʼanalarini rivojlantirdi, uni yangi mazmun bilan boyitdi; islimiy va girih naqshlarni mahorat bilan qoʻllab jozibador naqsh mujassamotlari yaratdi; u ishlagan naqshlar nafis, aniq va loʻnda, oʻymalari mukammalligi bilan diqqatga sazovor. Usmonov Oʻzbekiston amaliy sanʼat muzeyi (sobiq Polovsev uyi)ni taʼmirlashda, Navoiy teatri va Muqimiy teatrini bezashda faol qatnashgan; Hamza teatri (1967—1968), Alisher Navoiy nomidagi adabiyot muzeyi (1968), Samarqand aeroporti (1969), Oʻzbekiston xalqlari tarixi muzeyi (1969—1970), Oʻzbekiston sanʼat muzeyi (1973), "Buyuk ipak yoʻli" metro bekati (1980) va boshqa, shuningdek, xorijdagi (Donetsk, Kiyev, Toshhovuz, Chimkent va boshqalar) jamoat binolarini ganchkorlik bn bezashda ustalarga rahbarlik qilgan. U. pedagog sifatida faoliyatini bolalar uyida boshlagan (1935—1948), Toshkentdagi bolalar va oʻquvchilar uylari, saroyida ganch oʻymakorligi toʻgaragiga rahbarlik qilgan (1948—1968); Benkov nomidagi respublika rassomlik bilim yurtida dars bergan (1952—1960). Usmonov koʻplab shogirdlar tayyorlagan, ular (Abdurahim Umarov, A. Sultonov, M. Sultonov, farzandi Mirvohid Usmonov va boshqalar) ustozlarining ishlarini davom ettirmoqda.

Hamza nomidagi Oʻzbekiston Davlat mukofoti laureati (1970).

Asarlari: Sanʼatim – saodatim, T., 1983.