Magomayevlar

Vikipediya, ochiq ensiklopediya
Jump to navigation Jump to search

Magomayevlar — ozarbayjon sanʼatkorlari sulolasi. Magomayev Abdulmuslim Magomet oʻgʻli — kompozitor, Ozarbayjonda xizmat koʻrsatgan sanʼat arbobi (1935). Milliy musiqa teatri assochilaridan, birinchi ozarbayjon dirijyori. 1911 yildan U.Hojibekov tashkil etgan milliy opera guruhida ishlagan. Ozarbayjon opera va balet teatri direktori va bosh dirijyori. Kompozitorlik ijodida Yevropa musiqa tamoyillari bilan xalq qoʻshiqchilik sanʼatini uzviy bogʻlashga intilgan. "Shoh Ismoil" mugom operasi (1916), "Nargiz" operasi (1935; 1938 yilda Oʻzbek musiqali teatrida sahnalashtirilgan), ommaviy qoʻshiqlar, simfonik asarlari mashhur. 300 dan ortiq xalq kuylarini toʻplab, birinchi ozarbayjon xalq qoʻshiqlari toʻplamini nashr etgan (1927, U.Hojibekov bilan birgalikda).

Magomayev Muslim Magomet oʻgʻli (1942.17.8, Boku) — opera va estrada xonandasi (bariton). Abdulmuslim Magomayevning nevarasi. Xalq artisti (1973). Milandagi "La Skala" teatrida malakasini oshirgan (1964—65). Ozarbayjon konservatoriyasini tugatgan (1968). 1963 yildan Ozarbayjon opera va balet teatrida yakkaxon xonanda. Ozarbayjon davlat estrada-simfonik orkestri tashkilotchisi va badiiy rahbari (1975—89). Kuchli va nafis ovoz sohibi. Ijro uslubiga badiiy koʻtarinkilik, joʻshqinlik xosdir. Konsert repertuaridan Yevropa va ozarbayjon operalaridan ariyalar, shuningdek, romans, estrada va xalq qoʻshiqlari oʻrin olgan. Bir necha qoʻshiqlar muallifi. Amerika, Yevropa va Osiyo mamlakatlarida, shu jumladan, bir necha marta Oʻzbekiston (1966, 1972 va boshqalar)da gastrolda boʻlgan. Xalqaro estrada xonandalari tanlovlari (Kann, Sopot, 1969) gʻolibi.[1]

Manbalar[tahrir]

  1. OʻzME. Birinchi jild. Toshkent, 2000-yil