Magnitostriksion oʻzgartirgich

Vikipediya, ochiq ensiklopediya
Jump to navigation Jump to search

Magnitostriksion oʻzgartirgich — magnit maydon energiyasini mexanik tebranishlar energiyasiga yoki aksincha oʻzgartirib beradigan elektrotexnik va elektroakustik qurilma. Ishi materiallarning oʻz shakli va oʻlchamlarini oʻzgartirish (magnitostriksiya) xususiyatiga asoslangan. Tuzilishi magnitostriksion materialdan yasalgan oʻzak (magnit oʻtkazgich) va unga oʻralgan sim chulgʻamidan iborat. Oʻzak sterjen shaklida yoki halqasimon shaklda boʻladi. Magnitostriksion oʻzgartirgich tarkatuvchi va qabul qiluvchi boʻlishi mumkin. Tarqatuvchi Magnitostriksion oʻzgartirgichda oʻzgaruvchi elektr toki chulgʻamdan oʻtib, oʻzgaruvchan magnit maydonini vujudga keltiradi. Uning taʼsirida oʻzak dam-badam oʻz shakli va oʻlchamlarini oʻzgartiradi. Qabul qiluvchi M.oʻ.da oʻzakka tashqi mexanik kuchlar (mas, tovush toʻlqinlari) taʼsir qiladi, natijada oʻzakda oʻzgaruvchan magnit maydon, chulgʻamda esa elektr yurituvchi kuch vujudga keladi. Magnitostriksion oʻzgartirgich gidroakustik va ultratovush qurilmalarida, elektr va radiotexnika jihozlarida, mashinalar, binolar va inshootlarning titrashini oʻlchash va boshqalarda qoʻllaniladi.[1]

Manbalar[tahrir]

  1. OʻzME. Birinchi jild. Toshkent, 2000-yil