Magnitofon

Vikipediya, ochiq ensiklopediya

Magnitofon (magnit va grekcha: φωνή -fon) — tovush (nutq, musiqa)ni magnit lentaga yozib olish va qayta eshittirish uchun moʻljallangan apparat. Kasb bilan bogʻliq (professional), dispetcherlik, maishiy (roʻzgʻorda foydalaniladigan), maxsus, muqim (statsionar) va portativ (ixcham; ham batareyadan, ham elektr manbadan ishlaydigan) xillari boʻladi. Magnitofon, asosan, lenta (tasma) tortish mexanizmi; lentani teskari oʻrash mexanizmi; yozib olinadigan va kayta eshittiriladigan tovush signallarni kuchaytirgich; magnit kallak; akustik tizim (radiokarnaylar) dan iborat. Tovush signallari apparatdan magnit kallak orqali bevosita magnit lentaga (tovushni yozib olishda) yoki akustik tizim (radiokarnaylar) ga (tovushni qayta eshittirishda) uzatiladi. Tovushni yozib olish yoʻllari soni boʻyicha Magnitofon bir va kup (8 tagacha) yoʻlli; magnit lentaning joylashuviga koʻra, kassetali va gʻaltakli xillarga boʻlinadi. Odatda, Magnitofonda bitta (monofonik) yoki ikkita (stereofonik) yozib olish — qayta eshittirish kanali boʻladi. Magnitofon magnit lentalarining harakatlanish tezligi 38,1; 19,05; 9,53; 4,76; 2,4 m/s. Hozir ishlab chiqarilayotgan aksar Magnitofonlar lentalarining harakatlanish tezligi 4,76; 2,4 m/s. Magnit lentaga yozib olingan tovushni oʻchirib, ayni paytda oʻrniga yangisini yozib olish mumkin. Magnitofonda lentani teskari oʻrash tezligi ish tezligiga nisbatan 5—10-marta yuqori (yana qarang Magnitola, Magnitoradiola).[1]

Manbalar[tahrir | manbasini tahrirlash]

  1. OʻzME. Birinchi jild. Toshkent, 2000-yil