Magnitobiologiya

Vikipediya, ochiq ensiklopediya

Magnitobiologiya - biofizikaning bir boʻlimi, tabiiy va sunʼiy magnit maydonining tirik organizmlarga taʼsirini, organlar (yurak, miya, nervlar va boshqalar) hosil qilgan magnit maydonini hamda biologik moddalarning magnitlik xususiyatlarini tadqiq qiladi. Sunʼiy magnit maydonining odam organizmiga taʼsiri toʻgʻrisidagi maʼlumotlar qadimdan maʼlum. Oʻsha davrda magnitning shifobaxsh xususiyatiga ortiqcha baho berilgan; magnit har qanday kasallikka davoligi va hatto yoshartirishi toʻgʻrisida koʻp yozilgan. 19-asrda yevropalik shifokorlar (jumladan, fransuz nevropatologi J.A.Sharko, rus shifokori S.P.Botkin) magnit maydoni asabni tinchlantiradi, deb hisoblashgan. M. 20-asrning 60-yillaridan boshlab kosmik biol. paydo boʻlishi bilan tez rivojlana boshladi; kuchaytirilgan magnit maydonining biologik taʼsirini oʻrganishga asosiy eʼtibor berildi. Magnit maydoni kuchlanishi ersted bilan oʻlchanadi. Bu kuchlanish 140000 erstedgacha oʻzgarib turadi. Sut emizuvchilarning barcha organlari magnit maydonidan taʼsirlanadi. Boshqarish funksiyasini bajaradigan organlar magnit maydoniga sezgir boʻladi. Kuchli magnit maydoni nerv sistemasiga tormozlovchi taʼsir koʻrsatadi, yaʼni shartli va shartsiz reflekslarni soʻndiradi. Oʻsimliklarda kuchli magnit maydoni ildizning oʻsishini toʻxtatadi, fotosintez intensivligini kamaytiradi. Magnit maydoni taʼsirida mikroorganizmlarning oʻsish tezligi va ferment sistemasi faolligi, RNK sintezi, yuqori haroratga sezgirligi oʻzgaradi. Geomagnit maydoni tirik organizmlarning oʻrni va vaqtni chamalashda ahamiyatga ega ekanligi taxmin qilinadi. Shuningdek, qushlar va baliqlarning uzoq xududlarga koʻchib utishi (migratsiyasi)da, chuvalchanglar, mollyuskalar, hasharotlar va boshqa hayvonlarning harakatlanishida ham chamalovchi taʼsir kursatishi mumkin, ayrim oʻsimliklar ildiz sistemasi magnit meridianiga nisbatan yoʻnaladi. M. sohasidagi maʼlumotlar terapevtik maqsadlarda va ishlab chiqarishda foydalaniladigan magnit maydonini gigiyenik baholashda muhim ahamiyatga ega.[1]

Manbalar[tahrir | manbasini tahrirlash]

  1. OʻzME. Birinchi jild. Toshkent, 2000-yil