Madaniy gʻoʻzalar

Vikipediya, ochiq ensiklopediya
Jump to navigation Jump to search

Madaniy gʻoʻzalar - ekib kelinayotgan, qimmatli xoʻjalik belgilariga ega gʻoʻza turlari. Tabiatda maʼlum boʻlgan 50 tur gʻoʻzadan 4 tasi madaniylashtirilgan: hindixitoy gʻoʻzasi (G.arboreum L.), afrika-osiyo gʻoʻzasi (G. herbaceum L.), Meksika gʻoʻzasi (G. hirsutum L.), peru gʻoʻzasi (G. barbadense L.). Gʻoʻzaning madaniy shakllari yovvoyi turlardan tabiiy tanlanish va sunʼiy tanlash, qulay yashash sharoiti hamda evolyusiya jarayonida odam mehnati va ongli faoliyati tufayli paydo boʻlgan. Bitta turning oʻzi (mas, peru gʻoʻzasi yoki Meksika gʻoʻzasi) yovvoyi va madaniy shakllarda uchraydi. Gʻoʻzaning qadimiy yovvoyi shakllarini madaniylashtirish, paxtachilikning paydo boʻlishi va rivojlanishi dunyoning turli mintaqalarida yashovchi xalqlarning har qaysisida mustaqil ravishda boshlangan. Eng avval Hindistonning shim.-gʻarbida tarqalgan daraxtsimon gʻoʻzalar — gossipium arboreum madaniylashtirildi. Afrikaning jan,-sharqiy qismida oʻtsimon gʻoʻza — gossipium xerbatseum madaniylashtirildi. Keyinchalik u Afrika va Osiyoning koʻp mamlakatlariga tarqaldi (afrika-osiyo gʻoʻzasi deb atalishi shundan). Meksikaning jan.da qadimiy indeys qabilalarining dehqonlari oddiy gʻoʻza — gossipium xirzitumni madaniylashtirdi (shuning uchun Meksika gʻoʻzasi deb yuritiladi, uni markaziy amerika gʻoʻzasi deb ham atashadi). Gʻoʻzaning bu turi gʻoʻza ekiladigan barcha mamlakatlarda juda keng tarqalgan. Peruda gossipium barbadenze madaniylashtirildi. Shuning uchun peru gʻoʻzasi deb yuritiladi (uni Jan. Amerika gʻoʻzasi deb ham atashadi). Hozirgi tarqalish darajasi boʻyicha peru gʻoʻzasi Meksika gʻoʻzasidan keyin 2-oʻrinda turadi.

M.gʻ. polimorfizmining kengligi, kattaligi bilan ajralib turadi. Ular katta hududlarda tarqalib, turli xil yangi shakllar paydo qildi va natijada juda murakkab ekotip, nav tipi hamda navlar majmuini tashkil etdi. Madaniy va madaniy-tropik shakllarning yovvoyi holda oʻsadigan avlod-ajdodlaridan asosiy farqi shundaki, ular oʻsish sharoitida, ayniqsa, suv taʼminotiga nihoyatda talabchan, shoxlari simpodial tipda, koʻsaklari va ularning qismlari yirik, tolasi oq.

Adabiyot[tahrir]

  • Jukovskiy P.M., Kulturnie rasteniya i ix sorodichi, 3-ye izd. 1971 ; Gʻoʻza, T., 1957; Ter. Avanesyan D. V., Xlopchatnik, L., 1973; Abdullayev A. A., Omelchenko M. V., Gʻoʻza turlari. T., 1977.

Abdumavlon Abdullayev.[1]

Manbalar[tahrir]

  1. OʻzME. Birinchi jild. Toshkent, 2000-yil