Kontent qismiga oʻtish

Maʼrifat (gazeta)

Vikipediya, erkin ensiklopediya

"MAʼRIFAT"Toshkentda haftasiga 2 marta chiqadigan maʼrifiy va ijtimoiy-siyosiy yoʻnalishdagi xalq ziyolilari gazetasi. Muassislari — Oʻzbekiston Respublikasi Xalq taʼlimi, Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirliklari, Oʻzbekiston taʼlim va fan xodimlari kasaba uyushmalari markaziy qoʻmitasi. Dastlab 1931-yil 4-iyulda "Madaniy inqilob" nomi bilan chiqqan. 1938-yil 25-yanvardan "Oʻqituvchilar gazetasi" nomi bilan, 1991-yil iyuldan hozirgi nomda chiqadi. 1941-yil 1-iyuldan 1946-yil 9-martgacha gazeta vaqtincha oʻz faoliyatini toʻxtatgan. Gazeta taʼlim sohasida olib borilayotgan islohotlarni, "Taʼlim toʻgʻrisida"gi qonun va "Kadrlar tayyorlash milliy dasturi"da koʻzda tutilgan masalalarni muntazam yoritib boradi. Gazeta turli rukn va sahifalarda mamlakatimizning bugungi taʼlim tizimi hayotidan hikoya qiladigan mavzularda har xil materiallar eʼlon qiladi. Gazetada yosh avlod ongida milliy istiqlol gʻoyasini shakllantirish va ularni vatanparvarlik ruhida tarbiyalash mavzusi boʻyicha "Milliy istiqlol gʻoyasi" rukni tashkil etilgan. Ushbu ruknda berib borilayotgan maqolalar taʼlim xodimlari uchun eng zarur uslubiy manba boʻlib xizmat qilmoqda. Gaz. ga turli davrlarda A. Xoʻjaxonov, B. Xalilov, I. Oʻktamov, H. Koʻrikboyev, R. Usmonov, Sh. Maqsudov, A. Dolimov, S. Hakimov va boshqa bosh muharrirlik qilishgan. 1996-yildan bosh muharrir — H. Saidov. Adadi 28 mingga yaqin (2003).[1]

  1. OʻzME. Birinchi jild. Toshkent, 2000-yil