Lxasa

Vikipediya, ochiq ensiklopediya

Lxasa (tibetcha "xudolar makoni") — Xitoyning jan.-gʻarbiy qismidagi shahar. Tibet muxtor rayonining maʼmuriy, iqtisodiy va madaniy markazi. Tibet togʻligidagi Jichu daryosi (Brahmaputra irmogʻi) vodiysida, dengiz sathidan 3650 m balandlikda joylashgan. Avtomobil yoʻllari orqali mamlakatning boshqa tumanlari bilan bogʻlangan. Aholisi 140 ming kishidan ziyod (1990-yillar oʻrtalari). L.da oziq-ovqat, yogʻochsozlik, koʻn, metallsozlik, farmatsevtika, mayda mashinasozlik, kimyo korxonalari bor. Hunarmandchilikda gilam toʻqiladi, diniy marosim buyumlari tayyorlanadi. Geofizika rasadxonasi, meteorologiya va qishloq xoʻjaligi tajriba st-yasi bor. Mahalliy koʻmir asosida issiqlik elektr st-yasi ishlab turibdi. Qadimda L. oʻrnida qoʻrgʻon boʻlgan. Keyinchalik uning atrofida shahar vujudga kelgan. 7-asrda dastlabki Tibet davlatining poytaxti boʻlgan. 15—17-asrlarda L. Tibetning dunyoviy va buddizm (lamaizm) dinining markazi edi. Shaharning shim.-gʻarbidagi baland qoyali qismida 13 qavatli saroy — Potala saroy-monastiri (Dalay-lama qarorgohi) joylashgan. Uning asosiy qismi — "Qizil saroy" oltin bilan bezatilgan. L. yaqinida 3 ibodatxona bor.[1]


Manbalar[tahrir | manbasini tahrirlash]

  1. OʻzME. Birinchi jild. Toshkent, 2000-yil