Lokomotiv

Vikipediya, ochiq ensiklopediya

Lokomotiv (lot. loco moveo — joyidan quzgʻataman) — temir izlar (temir yoʻl)da ayrim vagonlar yoki poyezdlarni tortib yurishga muljallangan transport vositasi. Dizel-poyezdlar, turbopoyezdlar, elektrpoyezdlar tarkibiga kiradigan motorli vagonlar hamda avtodrezina va motodrezinalar ham L. vazifasini oʻtaydi. Lekin motorli vagonlar va drezinalarda yoʻlovchilar va yuk tashish uchun oʻrinlar va joylar boʻladi. Umuman temir yoʻldagi barcha tortish vositalari L. hisoblanadi. Dastlabki L. 19-asr boshida Buyuk Britaniyada, keyinchalik (1834) Rossiyada (parovoz) yasalgan va deyarli 1 a. mobaynida temir yoʻlda yagona tortish vositasi hisoblangan. 20-asr boshida parovozlarni ancha takomillashgan teplovoz va elektrovoz siqib chiqara boshladi.

Bajaradigan ishiga qarab, L.lar magistral va sanoat L.lariga bulinadi. Magistral L.lar umumiy foydalaniladigan temir yoʻlda, sanoat L.lari esa zavodlar, konlar, shaxtalar, qurilish maydonlari va boshqalarda ishlatiladi. Magistral L.ning yuk tashiydigan va yoʻlovchi tashiydigan poyezdlarni tortish uchun, manevr qilish (poyezdlar tuzish), vagonlarning oʻrnini almashtirish uchun muljallangan xillari bor. L. ensiz va enli izlarda yurish uchun ham moʻljallab ishlab chiqariladi.

Birlamchi energiya manbai turiga qarab, L. issiklik va elektr L.lariga boʻlinadi. Issiklik L.lari — parovoz, teplovoz, motovoz, gaz-turbovoz. Bularda energiya ishlab chiqaradigan alohida (xususiy) kuch qurilmasi boʻladi. Elektr L.lari kontakli va akkumulya-torli elektrovozlardan iborat. Parovozni bugʻ mashinasi, teplovoz va motovozni inki yonuv dvigatel, gaz-turbovozni gaz turbinasi, elektrovoz va elektr poyezdni elektr dvigateli va akkumulyator harakatlantiradi. Asosiy L.lardan tashqari har xil aralash L.lar ham bor: dizel-elektrovozlar, teplovozlar, kontaktli-akkumulyatorli elektrovozlar va boshqa (bular unchalik keng tarqalmagan). Hozir, asosan, teplovoz va elektrovozlardan foydalaniladi, tezligi 200 km/soatdan oshadigan aviatsiya gaz turbinali turbovozlar (Angliya, Rossiya), magnit va havo yostiqli L. (tezligi 500 km/soat gacha) yaratilgan (Yaponiya), yoqilgʻi elementlar va yadro reaktorlardan foydalanib ishlaydigan energetik qurilmali L. loyihasi ustida ishlar olib borilmoqda.[1]

Manbalar[tahrir | manbasini tahrirlash]

  1. OʻzME. Birinchi jild. Toshkent, 2000-yil