Lokli miniatyura

Vikipediya, ochiq ensiklopediya
Jump to navigation Jump to search

Lokli miniatyura - yogʻoch, metall, magʻzi soxta (papyemashe)dan ishlanib usti lok bilan qoplangan bezakli buyumlar; kupincha boʻrtma, oʻyma, qadama, chizma naqshlar bilan bezatiladi. Lokli miniatyuraning asosiy xususiyati — sillits tekis yuzaning tiniq jilvasi, zamin ranglari, tasvir va inkrustatsiya keskinligi, oʻyma bezaklarda jozibali nursoya oʻyini, shaklining yorqinligi.

Xitoyda miloddan avvalgi 2-ming yillikdan maʼlum (kosa, koʻza, quticha, pardoz idishchalari va boshqalar), ayniqsa, koʻp tabaqali oʻyma, qora yoki rangli zaminga boʻyoqlar, tilla bilan ishlangan tasvirlar, sadaf, kumush va boshqa qadab bezatilgan (sirti lok daraxti sharbati bilan krplanib pardozlangan) buyumlar keng tarqalgan. Buyumlarning bezak mujassamotlarida manzara, gullar, maishiy lavhalar koʻp uchraydi. Lokli miniatyura Koreya, Yaponiya, Hindixitoy mamlakatlarida shuningdek, Vyetnam, Laosda ham keng tarqalgan. 15—17-asrlarda Eron, Hindiston, Markaziy Osiyo (Hirot)da, ayniqsa, tempera bilan ishlangan magʻzi soxtadan yasalgan buyumlar mashhur boʻlgan. Hindiston Lokli miniatyura buyumlariga odamlar, qushlar shakllari tushirilgan. 15—16-asrlarda yaratilgan qoʻlyozma kitoblar muqovalarida turli mavzuda yaratilgan Lokli miniatyuralar uchraydi. Mas., Alisher Navoiy devoni qoʻlyozmalari muqovalari.

Lokli miniatyura 15—17-asrlarda Sharqdan Hindiston, Eron, Markaziy Osiyo orqali Yevropaga kirib kelgan, 18-asrda rivojlangan: Fransiyada "Marten" firmasi, Germaniyada Lokli miniatyura f-kalarining miniatyuralar bilan bezatilgan buyumlari (tamakidon, quticha va boshqalar) usuli va badiiy mahorati bilan ajralib turadi; 18-asrdan Rossiyada ham yogʻoch, papye-mashe, metall buyumlarga moyboʻyoq bilan tasvir ishlash va uni loklash anʼanasi rivojlangan.

Markaziy Osiyoda, jumladan Buxoroda 16-asrda Lokli miniatyura mavjud boʻlganligi va badiiy buyumlar tayyorlanganligi haqida maʼlumotlar saqlangan. Oʻzbekistonda miniatyura sanʼati keng koʻlamda va izchil rivojlanishi 20-asr 70-yillariga toʻgʻri keladi. Kitobat sanʼatiii qayta tiklash uchun olib borilgan harakatlar samarali yakunlandi. 1991 yildan Lokli miniatyura amaliy sanʼatning keng tarqalgan turlaridan biriga aylandi. Magʻzi soxtadan qilingan buyumlarni badiiy bezatishda naqsh mujassamotlarida yozuvlardan foydalanish, oʻrta asr miniatyurasi anʼanalariga tayanish muhim natijalar berdi. Anʼanaviy mavzularda asarlar yaratish, shu bilan birga bu mavzular asosida erkin mujassamotlar ham yaratishga intilish kuzatiladi. Sh. Muhammadjonov, N. Xolmatov, T. Boltaboyev, A. Isroilov, Sh. Shomansurov, A. Yoʻldoshev, B. Yoʻldoshev va boshqa bu sohada samarali ijod qilmoqda.[1]

Manbalar[tahrir]

  1. OʻzME. Birinchi jild. Toshkent, 2000-yil