Lok

Vikipediya, ochiq ensiklopediya
Jump to navigation Jump to search

Lok (nem. Lack), lak — sirtga surtilganda qotib, yaltiroq qattiq parda hosil qiluvchi organik moddalar aralashmasi, suyuqliklar. Tarkibida parda hosil qiluvchi va erituvchi moddalardan tashqari, koʻpincha, plastifikatorlar, katalizatorlar va parda hosil boʻlishini tezlatadigan moddalar (metall tuzlari, organik peroksidlar) bor. L. sifati uning rangi, tozaligi, yopishqoqligi, parda hosil qiluvchi (uchmaydigan) moddalar miqdoriga, qurish tezligiga, hosil boʻlgan pardaning yaltirokligi, qattiqligi, elastikligi, choʻziluvchanligiga, shuningdek, ishqalanishga, zarbaga, atmosfera va agressiv muhit taʼsiriga chidamliligi, suv va gaz oʻtkazmasligiga qarab belgilanadi. Elektroizolyasion L. pardasi teshuvchi kuchlanishga, solishtirma va hajmiy qarshiligiga, solishtirma sirt qarshiligi va dielektrik sarf (yoʻqotish) miqdoriga qarab ham baholanadi. Sirtga L. chutka, joʻva bilan surkaladi, purkaladi yoki boʻyaladigan buyum L.ga botiriladi, baʼzan L. buyumga quyiladi. L.ning xususiyati va buyumlarning turiga qarab boʻyashning maʼqul usuli tanlanadi.

L. parda hosil qiluvchi moddaning kimyoviy tabiatiga koʻra, 3 ga boʻlinadi: moyli L., smolali L., efirotsellyulozaL. Moyli loklar—oʻsimlik yogʻlari va tabiiy yoki sintetik smolalar aralashmasi boʻlib, ularni turli usullar bilan surtish mumkin. Moyli L.ni olish 4 bosqich (moyni tayyorlash; smolani eritish, L. asosini olish va unga erituvchi qoʻshish; sen-trifugalash va tindirish)dan iborat. Asosan, elektroizolyasion va himoya qoplamalar hosil qilish uchun tunukani boʻyashda (konserva bankasi yasash uchun) ishlatiladi. Smolali loklar — tabiiy yoki sintetik smolalarning uchuvchan erituvchilardagi eritmasi. Smolali L.ning koʻpchiligida erituvchi sifatida spirt ishlatiladi. Hozir sintetik (ayniqsa, vinil) polimerlar va sopolimerlar asosida perxlorvinil, poliefir, poliefirakrilat, poliuretan, epoksid, melaminfor-maldegid va mochevina-formaldegid, divinilatsetilen va kremniyorganik L. koʻplab ishlab chiqarilmoqda. Ular issiq va sovuqqa, kimyoviy taʼsirlarga, agressiv muhitga chidamli boʻlgani uchun samolyotlar, avtomobillar, kimyoviy jihozlar, yogʻoch, rezina, teri, plastmassalar, sintetik gazlamalar, mis simlar, metallar sirtlarini, shisha, keramika va boshqa buyumlarni boʻyash uchun ishlatiladi. Efirotsellyuloza loklar — efir sellyulozasining uchuvchan erituvchilar bilan hosil qilgan eritmasi. Tarkibida smola va plastifika-torlar ham mavjud. Ular, odatda, materiallarga purkaladi; xona temperaturasida tez quriydi. Yogʻoch va metall buyumlar, teri, qogʻoz va gazlamalarni boʻyashda, shuningdek, emal boʻyoqlar tayyorlashda ishlatiladi.

Stalina Qosimova.[1]

Manbalar[tahrir]

  1. OʻzME. Birinchi jild. Toshkent, 2000-yil