Limuzin (qoramol zoti)

Vikipediya, ochiq ensiklopediya
Jump to navigation Jump to search

Limuzin — goʻshti uchun boqiladigan qoramol zoti, Fransiyaning markaziy va jan.-gʻarbiy viloyatlaridagi goʻshtdor qoramollar zotlaridan tanlash va saralash asosida yaratilgan. Fransiyaning Limuzin tarixiy viloyati nomi bilan atalgan. Zot sifatida 19-asrdan maʼlum. L. zoti mollari tez yeti-luvchan, muskullari kuchli rivojlangan, suyaklari ingichka, tusi qizil. Buqalari vazni 1000–1200 kg , sigirlari vazni 600–650 kg . Sigirlari serpusht. Yillik sogʻimi 1500–1800 kg . Buzoqlari sut emish davrida jadal oʻsadi va 8 oyligida tirik vazni 240– 300 kg ga yetadi. Buzoq goʻshti olish maqsadida 3 oylik buzoklar 150–170 kg ga yetganda soʻyiladi. Buqachalar goʻshtga jadal boqilganda 12 oyligida 500 kg vaznga yetadi. L. har xil tabiiy xoʻjalik sharoitga yaxshi moslashadi. AQSH, Angliya, Vengriya, Germaniya, Rossiya va boshqa davlatlarda koʻplab tarqalgan. Belorussiya, Ukraina, Litva va boshqa da L. zotidan boshqa zotlar bilan chatishtirishda samarali foydalanilmoqda. L. zoti buqalari urugʻi Oʻzbekistonga 2002 yildan boshlab olib kelinmoqda hamda Fargʻona va boshqa viloyatlar boʻrdoqichilik korxonalari va fermer xoʻjaliklarida kammahsul boʻlgan sigirlarni sanoat usulida chatishtirishda foydalanilmoqda.

Ubaydulla Nosirov.[1]

Manbalar[tahrir]

  1. OʻzME. Birinchi jild. Toshkent, 2000-yil