Laringit

Vikipediya, ochiq ensiklopediya

Laringit (laringo ... yun. itis — yalligʻlanish) — hiqildoq shilliq qavatining yalligʻlanishi. Oʻtkir va surunkali xillari bor. Oʻtkir L. koʻpincha katar, gripp, kizamiq, skarlatina, koʻkyoʻtal va boshqa, shuningdek, butun organizmning sovqotishi, ovoz boylamlariga zoʻr kelishi (baqirib gaplashish), muzdek yoki juda issiq ovqat isteʼmol qilish, tamaki chekish, spirtli ichimliklarga ruju qoʻyish natijasida roʻy beradi. Oʻtkir L.da bemor tomogʻi qurib, qirilishi, tirnalishidan shikoyat qiladi; yoʻtal tutadi, tovushi boʻgʻiq, doʻrillagan yoki butunlay chiqmay qoladi, baʼzan yutinganda ogʻriq paydo boʻladi. Oʻtkir L.ning kataral, diffuz, gemorragik, flegmonoz va boshqa shakllari farq qilinadi.

Koʻpincha, bolalarda (xususan, 6—8 yoshgacha boʻlgan bolalarda oʻtkir L.ning soxta krup (boʻgʻma) shakli uchraydi. Bu, odatda, ekssudativ diatez va boshqa allergik kasalliklarga moyil bolalarda kuzatiladi. Oʻtkir kataral L. tezda tuzalib ketishi, diffuz-gemorragik shakli esa ogʻirroq kechib, uzok, davom etishi mumkin. Flegmonoz L.da bemorning ahvoli mushkullashadi, harorati koʻtariladi, hiqildoq sohasida ogʻriq paydo boʻlib, yutish qiyinlashadi va h.k.

Oʻtkir L.ning bot-bot qoʻzib turishi va uni yaxshi davolamaslik, tamaki chekish, spirtli ichimliklar ichish, ovozni zoʻriqtirib qoʻyish (oʻqituvchilar, lektorlar, ashulachilarda) va boshqa surunkali L. ga sabab boʻladi. Surunkali L. bilan ogʻrigan bemorning tovushi xirillab boʻgʻiladi, tez toliqadi, koʻpincha yoʻtalib turadi. Davosi : kasallikning xili va kechishiga qarab fizio-terapevtik muolajalar, dorivor moddalardan ingalyasiya buyuriladi, organizmni chiniqtirish, kasbga oid zararli moddalarni yoʻqotish tavsiya etiladi.[1]

Manbalar[tahrir | manbasini tahrirlash]

  1. OʻzME. Birinchi jild. Toshkent, 2000-yil