Kunjara

Vikipediya, ochiq ensiklopediya
Jump to navigation Jump to search

Kunjara — moyli ekinlar (gʻoʻza, kungaboqar, makkajoʻxori, soya, vasha, zigʻir, kunjut va boshqalar) urugʻlaridan moy ajratilganidan keyin olinadigan qoʻshimcha mahsulot; yogʻ va proteinga boy konsentrlangan ozuqa. 100 kg chigit K.sida oʻrtacha 110 ozuqa birligi va 31,9 kg hazm boʻladigan protein bor (kungaboqar K.sida tegishlicha 108,8 va 37,2). K. tarkibida 4—7% yogʻ boʻladi. Aminokislotalar tarkibiga va biokimyoviy qimmatiga koʻra, K. oqsillari don ekinlari oqsillaridan ustunlik qiladi, ularda, shuningdek, kaliy, kalsiy va fosfor koʻproq. Lekin karotin ham V guruhiga kiruvchi vitaminlarga boy. Standart K. chet aralashmalardan toza, bir turli, mogʻorlamagan boʻladi. Namligi 12% dan yuqori boʻlmasligi lozim (undan ortiq boʻlganda mogʻorlaydi va qizib ketadi). Barcha q.h. hayvonlariga quruq yoki namlangan holda boshqa yemlarga aralashtirib va aralash yem tarkibida berish mumkin. Ayrim K. turlari tarkibida zaharli yoki mahsulot sifatini yomonlashtiradigan moddalar boʻladi. Paxta chigitida va K.si tarkibidagi gossipol mollarni zaharlashi mumkin.

K. va shrotlarning proteini qishloq xoʻjaligi hayvonlarining barcha turlari va parrandalar uchun hayotiy zarur aminokislotalar manbaidir, ayniqsa, soya K. si lizinga boy. Chigit K.si sogʻin sigirlar va boʻrdoqiga boqilayotgan qoramollarga bir sutkada 2,5–3 kg , buzoqlarga 3—4 oylikdan koʻpi bilan 100 g , otlarga 2 kg gacha, qoʻylarga 200 g , boʻgʻoz mollarga 0,5—1,0 kg beriladi.

Roʻzimat Hamroqulov.[1]

Manbalar[tahrir]

  1. OʻzME. Birinchi jild. Toshkent, 2000-yil