Kosmik tezlik

Vikipediya, ochiq ensiklopediya

Kosmik tezlik - jism Yer sunʼiy yoʻldoshi, sunʼiy sayyora boʻlishi uchun yoki u Quyosh sistemasini butunlay tark etishi uchun unga beriladigan uchta eng kichik tezlik. Birinchi Kosmik tezlik (~ 7,91 km/s) jismning Yer sirtidan nolinchi balandlikda doiraviy orbita boʻylab harakatlanishi uchun kerak boʻladigan energiyani ifodalaydi. Tezlik osha borgan sari jism elliptik orbita boʻylab harakatlana boshlaydi. Jism ikkinchi Kosmik tezlik (-11,2 km/s) da Yerga nisbatan parabolik trayektoriya boʻyicha harakatlanadi. Ikkinchi Kosmik tezlik dan yuqori tezlikda jism giperbolik trayektoriya boʻyicha harakatlanadi va u Yerning tortish kuchini yengib, Quyoshning sunʼiy yoʻldoshiga aylanadi. Jism Yer sirtida uchinchi Kosmik tezlik (-16,7 km/s)ni olib, Quyoshga nisbatan parabola boʻylab harakatlanadi (Yer orbitasi yaqinida bu tezlik 42,1 km/s ga teng) va Quyosh sistemasining tortish kuchi doirasidan chiqib ketadi. Kosmik tezlik kattaliklari Yer atmosferasi qarshiligi, Yer siqilishi va boshqa ni hisobga olmagan holda keltirilgan. Kosmik tezlikni barcha osmon jismlariga nisbatan qoʻllash mumkin. Mas, Oy uchun birinchi Kosmik tezlik-1,7 km/s, ikkinchi Kosmik tezlik~2,4 km/s.[1]

Manbalar[tahrir]

  1. OʻzME. Birinchi jild. Toshkent, 2000-yil