Kosmik geodeziya

Vikipediya, ochiq ensiklopediya

Kosmik geodeziya – geodezitning maxsus boʻlimi; unda ilmiy va amaliy muammolar yer sunʼiy yoʻldoshlari tizimi va boshqa kosmik apparatlar hamda Oyni kuzatish orqali yechiladi. K. g.ning asosiy vazifalari: xalqaro miqyosda qabul qilingan dastur orqali Yer sirtidagi nuqtalarning oʻzaro joylashishlarini aniqlash; referens-ellipsoid markazini Yerning ogʻirlik markaziga nisbatan aniqlash; punktlarning mutlaq koordinatalarini Yer ogʻirlik markaziga nisbatan topish va yagona dunyoviy koordinatalar tizimini yaratish; barcha geodezik tizimlar orasidagi bogʻliqlikni taʼminlash; Yerning tashqi gravitatsiya maydoni va Yer shaklini aniqlash; geodeziya fanining baʼzi fundamental oʻzgarmas miqdorlarini uzluksiz ravishda aniqlab turish. K. g.ga oid dastlabki ishlar 18-asr 2-yarmida amalga oshirilgan. Lekin 20-asrning 60-yillaridan boshlab, K. g. masalalarini hal etishda Yer sunʼiy yoʻldoshlaridan foydalanib kelinmoqda. K. g.ning geometrik va dinamik masalalari ham bor. Yer sirtidagi va kosmik apparat yuzasidagi nuqtalarning oʻzaro vaziyatini biror koordinata sistemasida aniqlash geometrik masala; kosmik appa-ratlarning orbita elementlari asosida Yer gravitatsiya maydoni parametrlarini aniqlash dinamik masala hisoblanadi.[1]

Manbalar[tahrir | manbasini tahrirlash]

  1. OʻzME. Birinchi jild. Toshkent, 2000-yil