Kontent qismiga oʻtish

Korset

Vikipediya, ochiq ensiklopediya

Korset (frans. corset) — 1) qaddi-qomatni raso tutish uchun koʻkrak qafasining pastki qismi va qorinni tortib ushlab turadigan maxsus moslama; 2) umurtqa pogʻonasi singanda, kasallanganda va qiyshayganda qoʻllanadigan maxsus ortopedik moslama. K. protezortopedik korxonalarda turli xil materiallar (charm, gips, plastmassa, mato va hokazo) va chetlari metalldan qilinadi. K. tanaga yopishib turishi kerak, shuning uchun uni bemordan olingan qolipga qarab tayyorlanadi. Ushlab turuvchi, yengillik tugʻdiruvchi va toʻgʻrilovchi K.lar bor. Ushlab turuvchi va yengillik tugʻdiruvchi K.lar umurtqa pogʻonasi singanda va u operatsiya qilingandan keyin buyuriladi. K., koʻpincha umurtqa pogʻonasining beldumgʻaza boʻlimi kasalliklari (mas, bel umurtqasi siljiganda, osteoxondroz, spondilolistez va hokazo) oqibatida bel ogʻriganda qoʻllanadi. Toʻgʻrilovchi K. umurtqa pogʻonasi yonga bir oz qiyshaygan (skolioz) bolalarga umurtqa pogonasi butunlay qiyshayib qolishining oldini olish maqsadida buyuriladi. K.ni vrach tayinlaydi va toʻgʻri kiyilganligini tekshiradi, kiyib yurish muddatini aytadi va nazorat qilib turadi. K.ni uzoq, vaqt taqib yurilganda gavda muskullari zaiflashib qolishi mumkin, shuning uchun umurtqa pogʻonasi qanchalik shikastlanganiga va kasallik bosqichiga qarab (vrach tavsiyasi bilan) shifobaxsh gimnastika bilan shugʻullanish va gavda muskullarini massaj qilishi kerak. K. toza turish uchun trikotaj koʻylak yoki mayka ustidan kiyiladi. Plastmassa K.ni yuvsa boʻladi.[1]

  1. OʻzME. Birinchi jild. Toshkent, 2000-yil