Konrad Adenauer jamgʻarmasi

Vikipediya, ochiq ensiklopediya

Konrad Adenauer jamgʻarmasi— siyosiy taʼlim markazi. GFR federal kansleri, Germaniya Xristian-demokratik ittifoqi partiyasi raisi Konrad Adenauer tuzgan. Dastlab "Ayxxols" siyosiy taʼlim markazi nomi bilan ish boshlagan (1956). "Ayxxols shahri siyosiy akademiyasi", "Xristian-demokratik maʼrifat jamiyati" va "Xalqaro hamdoʻstlik instituti" deb ham nomlangan. 1964-yildan K.Konrad adenauer jamgʻarmasi deb ataladi. Jamgʻarmaning asosiy vazifasi — kishilarga oʻz demokratik huquqlarini tushunib olishga yordam berish. K.A.J. faoliyati 3 yoʻnalishda olib boriladi: siyosiy taʼlim, tadqiqot va maslahatlar; akademik xizmat. 1-yoʻnalishda siyosiy taʼlimga qaratilgan seminarlar oʻtkaziladi. 2-yoʻnalish boʻyicha taraqqiyotning mavjud tamoyillari kuzatiladi, taxdil qilinadi. 3-yoʻnalishda "Maorif, oliy taʼlim va iqtidorli yoshlarni qoʻllab-quvvatlash" majmui asosiy vazifani oʻtaydi. Jurnalistlar uchun ham alohida dastur tayyorlangan. Germaniyada K.Konrad adenauer jamgʻarmasining 22 ta taʼlim markazi mavjud. Germaniyaning birlashuvi jamgʻarma faoliyati uchun yangi turtki boʻldi. Jamgʻarma yangi federal oʻlkalarda keng qamrovli ishlarni yoʻlga qoʻydi. Jamgʻarma sanʼat arboblari va siyosatdonlarni birlashtirishga, yozuvchilar, musiqachilar, rassomlar, aqliy mehnat bilan shugʻullanuvchi boshqa soha vakillari bilan aloqalar oʻrnatgan. Jamgʻarma tajribasi xalqaro miqyosda demokratik tamoyillarni qaror toptirishda keng qoʻllaniladi. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti I. Karimov GFRga rasmiy tashrifi chogʻida (1993) jamgʻarma rahbarlari bilan uchrashdi va demokratiyani rivojlantirish borasida Oʻzbekiston bilan hamkorlik qilishga daʼvat etdi. Bu taklifga koʻra, jamgʻarma 1994-yil iyul oyida Oʻzbekistonda oʻz faoliyatini boshladi. Jamgʻarmaning Oʻzbekistondan tashqari Qozogʻiston va Qirgʻizistonda ham ish yuritishi uchun Toshkentda mintaqaviy vakolatxonasi ochildi. K.Konrad adenauer jamgʻarmasi oʻtkazayotgan siyosiy taʼlimga oid seminarlar, konferensiyalarda hokimliklar va mahalliy oʻzini oʻzi boshqarish organlari vakillari, tadbirkorlar, ayollar, yosh olimlar, talabalar, ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etadi. Seminarlarning asosiy mavzusi Oʻzbekistonda parlament islohotlari, siyosiy partiyalarning jamiyatdagi rolini oshirish, sud tizimini liberallashtirish va demokratlashtirish, nomarkazlashuv va mahalliy oʻzini oʻzi boshqarish organlarini rivojlantirish, kichik va oʻrta biznesga keng yoʻl ochish, ommaviy axborot vositalarini erkinlashtirish, yoshlar va siyosat, ayol va jamiyat kabi dolzarb mavzularga bagʻishlanadi. Jurnalistlarni qayta tayyorlash xalqaro markazi, "Zakovat" tadbirlarni axborot bilan qoʻllab-quvvatlash jamgʻarmasi, "Iqbol" yoshlar markazi, "Ayol va jamiyat" instituti jamgʻarmaning asosiy hamkorlari hisoblanadi. Jamgʻarma oʻz tadbirlarini Oʻzbekistondagi koʻplab tashqilotlar bilan yaqin aloqada amalga oshiradi. Jamgʻarma faoliyatini qoʻllab-quvvatlovchi xayrixohlar K.Konrad adenauer jamgʻarmasining doʻstlari klubini tashqil etgan. Bu klubning 7000 dan ortiq aʼzosi bor. Jamgʻarmaga 2002-yil 1 avgust gacha Volfgang Shrayber rahbarlik qildi. U "Doʻstlik" ordeni bilan mukofotlangan(1997).

Gulnora Bobojonova.[1]

Manbalar[tahrir | manbasini tahrirlash]

  1. OʻzME. Birinchi jild. Toshkent, 2000-yil