Kontent qismiga oʻtish

Konferansye

Vikipediya, ochiq ensiklopediya

Konferansye (frans. conferencier — maʼruzachi) — estrada, konsert va boshqa tomoshalarni olib boruvchi, koʻpincha mustaqil hajviy, yumoristik tomoshalar koʻrsatuvchi artist. Tomoshabinlarga dastur tartibini eʼlon qiladi va tushuntirish olib boradi. K.lik sanʼati oʻtkir zehn, badihagoʻylik, hozirjavoblik, tomoshabinlar bilan muloqot qila bilish mahoratini talab etadi. K.lik dastlab 19-asrning 60-yillarida Parij kabarelarida paydo boʻlib, soʻng boshqa mamlakatlarga tarqalgan.

Oʻzbekistonda Mirshohid Miroqilov, Hojisiddiq Islomov, Yusufjon qiziq Shakarjonov — birinchi oʻzbek K.laridir. 20-asrning 2-yarmida Gʻ. Aʼloyev, M. Musayeva, E. Qoriyoqubova, A. Alixoʻjayev, V. Lapin va boshqa yetuk K. sifatida tanilgan. Zamonaviy oʻzbek estradasida K.lik sanʼatining rivojlanishiga Oʻzbekistonda xizmat koʻrsatgan artist Oʻtkir Siddiqov katta hissa qoʻshib kelmoqda. U 1991—2001-yillarda "Yagona oilada", "Biz Oʻzbekistondanmiz", "Sharq bozori", "Navroʻz nashidasi", "Mustaqil Oʻzbekiston", "Buyuk ipak yoʻli", "Onalar va otalar", "Toʻyga marhabo" va boshqa konsert dasturlarini yaratib, badiiy soʻz ustasi sifatida faol ijod qilmokda. Estrada-sirk kollejida K.lik sanʼati boʻyicha maxsus darslar olib boriladi.

Poʻlat Toshkanboyev.[1]

  1. OʻzME. Birinchi jild. Toshkent, 2000-yil