Koksit

Vikipediya, ochiq ensiklopediya

Koksit (lot. soha — son) — chanoqson boʻgʻimining yalligʻlanishi. K.ga koʻpgina infeksion kasalliklar (angina, gripp, terlamalar, sil, brutsellyoz va boshqalar), shuningdek, yiringli infeksiyalar sabab boʻladi. Organizmning zaiflashuvi, bolalarning yuqumli kasalliklari (qizamiq, skarlatina, koʻkyoʻtal) ham baʼzi hollarda K.ga olib kelishi mumkin. Sil koksiti va silga aloqasi yoʻq K. farq qilinadi.

Sil koksiti, odatda, 5—10 yashar bolalarda uchraydi. Kasallik asta-sekin boshlanadi. Dastlab sil intoksikatsiyasi yuzaga chiqadi: bolaning ishtahasi yoʻqoladi, boʻshashadi, injiqlanadi, oza boshlaydi, temperaturasi koʻtariladi, uzoq yurganda oqsaydi, tizzasi ogʻriydi, lekin boʻgʻim harakati cheklanmaydi. Bola kechasi uyqusida bezovtalanadi, ogʻriyotgan tomonini avaylab, sogʻ yonboshi bilan yotadi. Oqsoklanish va ogʻriq borgan sari zoʻrayadi. Chanoq-son boʻgʻimi sohasida ogʻriq kuchli boʻladi, bemor oyogʻini bosa olmay qoladi. Oyoq ingichka tortib, muskullari atrofiyalanadi, shakli oʻzgaradi, kasallangan tomondagi chanoq yuqoriga koʻtarilib. oldinga egiladi; umurtqa pogʻonasi yon tomonga (skolioz) yoki oldiga egilishi (lordoz) mumkin. Boʻgʻim xaltachasiga yiring toʻplanib, yoriladi. Boʻgʻim va suyak chiriydi. Natijada son suyagi boʻgʻimdan chiqadi, artroz rivojlanadi.

Gripp, angina, skarlatina va boshqa infeksion kasalliklar, sepsis, turli shikastlanishlar silga aloqasi yoʻq K.ga sabab boʻlishi mumkin. Bu barcha yoshdagi kishilarda kuzatiladi. Kasallik muddati uning kechishiga, organizmning qarshilik kuchiga va bemorning yoshiga bogʻliq. Oʻz vaqtida toʻgʻri davo qilinsa, kasallik uzoq choʻzilmaydi, asoratlarning oldi olinadi, eng muhimi boʻgʻim harakati saqlab qolinadi.

D a v o s i. Organizmning quvvatga kiritadigan dorilar buyuriladi, silga qarshi davo qilinadi, kasallanganboʻgʻimning qimirlamay toʻgʻri turishiga qaratilgan choralar (gips bogʻlov) koʻriladi. Zarur boʻlsa, jarrohlik usuli qoʻllanildadi. Maxsus kurortlarda davolanish tavsiya etiladi.[1]

Manbalar[tahrir | manbasini tahrirlash]

  1. OʻzME. Birinchi jild. Toshkent, 2000-yil