Koksidioz

Vikipediya, ochiq ensiklopediya

Koksidioz, eymerioz — sut emizuvchilar, qushlar, baliqlar, shuningdek, odamda koksidiyalar qoʻzgʻatadigan invazion kasallik.

Bu kasallikni qoramol, qoʻy, echki, quyon va uy parrandalari (tovuq, kurka, oʻrdak, gʻoz)da bir xoʻjayinda rivojlanadigan Eimeria avlodiga mansub koksidiyalar qoʻzgʻatadi. Parrandachilikda va quyonchilikda kasallik oqibatida yosh hayvonlarning yoppasiga oʻlib ketishi katta iqtisodiy zarar yetkazadi. K. bilan, asosan, yosh hayvonlar ootsistalar bilan ifloslangan yem-xashak, suv, sut mahsulotlarining alimentar yoʻl orqali zararlanishidan kasallaniladi. Hayvonlarni gʻuj joylashtirish, binolarning zax boʻlishi koksidiyalar uchun qulay sharoitni vujudga keltiradi. Hayvon K.i odamga yukmaydi. Kasallik Oʻzbekistonning barcha hududlarida uchraydi.

Kasallik, odatda, oʻtkir turda kechadi, kuchsiz, takroriy zararlanishda surunkali kechishi mumkin. Yashirin davri 3—4 kundan 2-haftagacha choʻziladi. hayvon holsizlanadi, ishtahasi yoʻqoladi, tez oriqlaydi, shilimshiq va tez-tez qon aralash ichi ketadi, ogʻir hollarda tezda oʻladi. Kasallangan hayvonni sogʻayishi choʻziladi, ichakda paydo boʻlgan ootsistalar axlat bilan tashqariga chiqib, tashqi muhitni ifloslantiradi. Tashhis xoʻjalikdagi epizootik holatga, klinik belgilar, patologoanatomik oʻzgarishlar, axlat va ichki organlarni mikroskopik tekshirish natijasiga qarab qoʻyiladi.

Davolash: kasal hayvon alohida ajratiladi. Parrandalar, buzoq va qoʻzilarga koksidiostatik preparatlar (dekoks, xoyden, amprolium va boshqalar), tetratsiklin qatori antibiotiklar, quyonlarga monomitsin bilan sulfanilamidlar, levomitsitin, osarsol beriladi.

Oldini olish: tashqi muhitdagi ootsistalarni dezinfeksiya qilish, hayvonlarni toʻgʻri asrash va toʻlaqonli ozuqa bilan boqish, ozuqaga antikoksidli preparatlar qoʻshib berish. Veterinariyasanitariya hamda zoogigiyena qoidalariga rioya qilish.[1]

Manbalar[tahrir | manbasini tahrirlash]

  1. OʻzME. Birinchi jild. Toshkent, 2000-yil