Koks kimyosi

Vikipediya, ochiq ensiklopediya

Koks kimyosi — kimyo fanining bir boʻlimi, toshkoʻmirning tarkibi, tuzilishi, kimyoviy xossalarini oʻrganadi, kokslash usullari bilan toshkoʻmirdan koks va boshqa kimyoviy mahsulotlar olish ustida tadqiqotlar olib boradi. Toshkoʻmirni kokslash bir necha jarayondan iborat: koʻmirni kokslashga tayyorlash (boyitish, maydalash, aralashtirish, quritish); koʻmirlash aralashmasini kokslash; hosil boʻlgan uchuvchan gazlarni tutish va ularni qayta ishlash; qattiq qoldiq — koksni sovitish va navlarga ajratish. Kokslanuvchi toshkoʻmirning turi, navi, makromolekulalarining tuzilishi va kokslanish jarayonining ketishiga qarab 1 t koʻmirdan 650–750 kg koks, 140–150 kg koks gazi, 30–40 kg toshkoʻmir smolasi, 10–15 kg "xom benzol", 3 kg atrofida ammiak va vodorod sulfid hosil boʻladi. Kimyo sanoati va xalq xoʻjaligining boshqa sohalarida kokslanish mahsulotlaridan N2, SN4, NH3, etilen, benzol, toluol, ksilollar, solvent, naftalin, fenol, krezollar, piridinlar, S, NaSCN, (NH4)2S, (NH4)2 SO4, karbazol, antratsen, piren, smolalar, toshkoʻmir moyi va boshqa qoʻllaniladi. Bu moddalar azotli oʻgʻitlar, polimerlar, malein va ftal angidridlar ishlab chiqarishda boshlangʻich xom ashyo, anilin boʻyoqlar ishlab chiqarishda oraliq mahsulot, elektrodlar ishlab chiqarishda bogʻlovchi, taxta va gʻoʻlalarga shimdiriladigan moy, qurilish materiallari (mas, kislotaga chidamli koshinlar, linoleum, olovbardosh materiallar, pestitsidlar, sintetik yuvish vositalari, dori preparatlar, vitaminlar va boshqa ishlab chiqarishda xom ashyo sifatida ishlatiladi. Koks kimyosining rivojlanishi qora va rangli metallurgiyaning rivojlanishi bilan bogʻliq. Metallurgiya sanoatida temir, mis, qoʻrgʻoshin va boshqa metallarni rudalaridan qaytarib olishda Koks kimyosining ahamiyati katta. Sanoatda qoʻllaniladigan koksning maxsus navlarini termik ishlov berish va saralash yoʻli bilan olish, sifatini yaxshilash Koks kimyosining asosiy vazifalaridandir.

Sayfuddin Nasriddinov.[1]

Manbalar[tahrir | manbasini tahrirlash]

  1. OʻzME. Birinchi jild. Toshkent, 2000-yil