Kokain

Vikipediya, ochiq ensiklopediya
Jump to navigation Jump to search

Kokain (Cocainum) — koka butasi bargidan olinadigan alkaloid. Rangsiz, taʼmi achchiq, suvda yaxshi eriydigan kristall. Ogriqsizlantiruvchi moddalar guruhiga kiradi. Kuchli zaharlovchi taʼsiri borligidan faqat konʼyunktiva, mugoʻz parda, ogʻiz, burun, tomoq shilliq pardalari, siydik chiqarish nayi va boshqalarni mahalliy ogʻriqsizlantirishda ishlatiladi. K.ga ruju qilinganda unga oʻrganib qolinadi (kokainizm). Hadeb isteʼmol qilinaversa, narkomaniyaga olib kelishi mumkin. KOKAINIZM,kokainomaniya — giyohvandlik (narkomaniya, bangilik) ning bir turi; ogriqsizlantiruvchi alkaloidlar guruhiga mansub kokainga oʻrganib qolish, uni isteʼmol qilmasdan turolmaslik. Kokainni giyohvandlar teri ostiga, venaga yuborib, koʻp hollarda hidlab kayf (eyforiya) qiladilar. Birinchi marta isteʼmol qilgan kishi xushchaqchaq, sergap, serharakat boʻlib qoladi, fikrlashi tiniqlashgandek tuyuladi va har xil ishlarni bajarishga ishtiyoqi kuchayadi; 2—3 soat oʻtgach, bu holat kayfiyatning aynishi, umumiy holsizlanish, taʼsirchanlikning kuchayishi va loqaydlik bilan almashinadi.

K.da oʻtkir va surunkali zaharlanish kuzatiladi. Oʻtkir zaharlanishda yuz oqaradi, koʻz qorachiqlari kengayadi, yurak urishi tezlashadi. Bosh aylanadi, holsizlik, nafas markazining falajlanishi roʻy beradi, oqibatda nafas toʻxtab qolishi mumkin. Surunkali zaharlanishda kokainga juda tez oʻrganib qolinadi va giyohvandlarning shaxsi tezda tubanlashib (degradatsiya) ketadi. K.ga mubtalo boʻlganlar tez orada qoʻpol, ezma, xudbin, shubhalanuvchan, taʼsirchan, isqirt, qarimsiq boʻlib qoladi. Mehnat qilmay tekinxoʻrlarcha hayot kechiradi va butunlay odamgarchilikdan chiqib ketadi. Kokainni surunkali va uzoq vaqt isteʼmol qilgan giyohvandlarda kokain psihozi (illyuziyalar, qoʻrqinchli koʻruv gallyusinatsiyalari, taktil gallyusinoz, rashk va boshqalar), vasvasalar koʻzatilishi mumkin. Keyingi yillarda ogʻriqsizlantiruvchi preparatlarning koʻpgina boshqa turlari paydo boʻlishi tufayli davolash amaliyotida kokainni qoʻllash taqiqlangan, shu bois uni isteʼmol qilish kamaydi.[1]

Manbalar[tahrir]

  1. OʻzME. Birinchi jild. Toshkent, 2000-yil