Koinot ilmiy ishlab chiqarish birlashmasi

Vikipediya, ochiq ensiklopediya
Jump to navigation Jump to search

"KOINOT" ILMIY ISHLAB CHIQARISH BIRLASHMASI (IICHB) -koinot sirlarini oʻrganish, uning imkoniyatlaridan foydalanish yoʻlyoʻriqlarini aniqlash uchun zarur asbob-uskunalar yaratish, ayrim telekommunikatsiya masalalarini hal qilish, mashq trenajyorlari va xalq hoʻjaligi ehtiyojlari uchun uskunalar yaratish bilan shugʻullanadigan muassasa. Toshkent umumiy mashinasozlik byurosi (1969), Toshkent mashinasozlik konstruktorlik byurosi (1980) negizida Oʻzbekiston davlat koinotni tadqiq etish agentligi qoshida 1992 yil tashkil qilingan.

Yoʻnalishlari: 1) Quyosh sistemasidagi jismlar (sayyoralar, ularning yoʻldoshlari, kometa va asteroidlar) ni oʻrganish; 2) vaznsizlik holatida moddalarni turli fazalarda yaratish va ulardan kristall, qotishma va amorf holatdagi moddalar olish; 3) koinotda ishlatiladigan uskunalar yaratish. Quyosh sistemasidagi jismlarni oʻrganish uchun "K." IICHB da LB-09 parmalash uskunasi ishlab chiqildi. Bu uskuna "Luna24" kosmik apparati tarkibida Oyga chiqarilib, Oy sirtini 2 m chuqurlikkacha parmalash, undagi jins namunasini kosmik apparatga joylash ishlarini bajardi (qarang "Luna"). Bundan tashqari, VB-01 parmalash uskunasi "Venera-13", "V.-14", "V.-15", "V.-16" apparatlari tarkibida Venera sayyorasiga chiqarilib, uning sirtini parmalash, tuproq namunalarini analiz qilish va natijalarini Yerga uzatish ishlarini bajardi (qarang "Venera"). Shunga oʻxshash Mars va uning yoʻldoshi Fobos dasturi boʻyicha MB-02, FB-01, -02 uskunalari ishlab chiqilib, sinovdan oʻtkazildi.

Dunyoda birinchi marta vaznsizlik holatida turli moddalardan kristallar oʻstirish, shisha va boshqa qotishmalar sintez qilish imkoniyatiga ega boʻlgan apparatlar ("Splav-01", "Splav-02", "Biryuza", "Analiz" va "Gavhar") yaratildi. "K." IICHB da diametri 30 m gacha boʻlgan koinotda ochiladigan parabolik antennalar, radioteleskoplar (KRT-30) yoki radioastronlar (Spektr-01); oʻzayadigan shtangalar (PB-01; -02; -03; -04;) qurilib sinovdan oʻtkazildi. PB-01, PB-02 asboblaridan yer magnetizmini oʻlchashda foydalanilmokda. Shavkat Vohidov.[1]

Manbalar[tahrir]

  1. OʻzME. Birinchi jild. Toshkent, 2000-yil