Koagulyasiya

Vikipediya, ochiq ensiklopediya
Jump to navigation Jump to search

Koagulyasiya (lot. coagulum — quyqa, coagulatio — ivish, quyuqlanish) — dispers, ayniqsa, kolloid sistemalarda zarrachalarning oʻzaro birlashib yiriklashgan agregatlar hosil qilishi. K. oxirigacha borsa, loyqa hosil boʻlib, agregatlar choʻkadi yoki yuqori qatlam hosil qiladi. Kolloid sistema tiniklashadi. Ayrim holda K. natijasida gʻovak fazaviy butun sistema boʻyicha tarqalgan koagulyasion (gel) struktura hosil qiladi. K. natijasida sistemaning rangi oʻzgaradi yoki u loyqalanadi. K.ga adsorbsion kuchlar (minimumga intilish) sabab boʻladi. Elektrostatik kuchlar (bir xil zaryadlangan zarrachalarning birbiridan itarilishi) esa unga qarshilik qiladi. K. dispers sistemaning termodinamik beqarorligini namoyish etishidir. K. 2 bosqichda sodir boʻladi: 1) agregativ barqarorlikning yoʻqolishi va zarrachalarning birlashishi (ya sh i r i n K.); 2) hosil boʻlgan zarrachalar agregatlarining choʻkishi (yoki qalqib yuzaga chiqishi) — o ch i q K. Agar K. oʻz-oʻzidan sodir boʻlsa, avtokoagulyasiya deyiladi. Odatda, K. fizik yoki kimyoviy taʼsir natijasida roʻy beradi: elektrolitlar va noelektrolitlar elektr maydoni, harorat, yorugʻlik, yuqori chastotali elektromagnit tebranishlari, keskin siljitish yoki aralashtirish, dispers muhitning oʻzgarishi va boshqa K.ga sabab boʻlishi mumkin. Elektrolitlar taʼsirida K. sodir boʻlishi borasida bir nechta qoidalar mavjud; 1) elektrolitning K.ga sabab boʻladigan minimal konsentratsiyasi — K. chegarasi. U loyqalanishning choʻkma hosil boʻlishi yoki rang oʻzgarishining boshlanishi bilan aniqlanadi; 2) kolloid zarracha zaryadiga qarama-qarshi zaryad saqlovchi elektrolit ioni K.ga sabab boʻlishi mumkin; zaryadi qancha yuqori boʻlsa, uning koagulyasion qobiliyati shuncha koʻp boʻladi (Shulse — Gardi qonuni); 3) organik ionlarda ularning adsorbsiyalanish qobiliyati ortishi bilan K. hodisasi kuchayadi.

K. hodisasi tabiatda va turmushda keng tarqalgan. Tuproq zarrachalarining katta-kichikligi, oqar suvlarning tiniq yoki loyqa boʻlishi ham K.ga bogʻliq. K. oziq-ovqat, dorishunoslik, kimyo, lokboʻyoq sanoatida keng qoʻllaniladi. K. tabiatda ham keng tarqalgan, mas, qonning ivishi, oqsillar K.si va boshqa[1]

Manbalar[tahrir]

  1. OʻzME. Birinchi jild. Toshkent, 2000-yil