Ko’krak qafasining xususiy (autoxton) mushaklari

Vikipediya, ochiq ensiklopediya

Bu guruhga tashqi va ichki qovurgʻalararo, qovurgʻa osti va koʻkrakning koʻndalang mushaklari kiradi.

1. Tashqi Qovurgʻalararo Mushaklar (mm. intercostales externi) har tomonda oʻn bittadan boʻlib, ustki qovurgʻaning pastki chekkasining qovurgʻa egati tashqarisidan boshlanadi. Tolalari pastga va oldinga yoʻnalib, pastki qovurgʻaning yuqori chekkasiga birikadi. Bu mushaklar qovurgʻa boʻrtigʻidan to qovurgʻa Togʻayigacha boʻlgan sohada qovurgʻalarning Suyak qismi oraligʻida joylashadi. Qovurgʻaning togʻay qismi oraligʻini esa tashqi qovurgʻalararo parda (membrana intercostales externi) qoplab turadi. Faoliyati: qovurg‘alarni koʻtarib, Nafas olishda ishtirok etadi. Innervatsiyasi: nn. intercostales.

2. Ichki qovurgʻalararo mushaklar (mm. intercostales interni) tashqi mushakdan ichkarida joylashib, pastki qovurgʻaning yuqori chekkasidan boshlanib, ustki qovurgʻaning pastki chekkasiga, qovurgʻa egatidan ichkariga birikadi. Mushak tolalari pastdan yuqoriga va ichki tomon yoʻnalib, qovurgʻaning oldingi uchi bilan burchagi oʻrtasida joylashadi. Qovurgʻalar burchagidan to boshigacha boʻlgan oraliqni ichki qovurgʻalararo parda (membrana intercostales interni) qoplaydi. Faoliyati: qovurg‘alarni tushiradi va nafas chiqarishda ishtirok etadi. Innervatsiyasi: nn. intercostales.

3. Qovurgʻa osti mushaklari (mm. subcostales) koʻkrak qafasi ichki yuzasining orqa pastki qismida joylashgan. X—XII qovurgʻalar burchagi yaqinidan boshlanib, yuqoriga va lateral tomonga yo‘naladi. Bu mushak bitta-ikkita qovurg‘ani tashlab, ustidagi qovurgʻaga birikadi. Faoliyati: qovurgʻalarni tushirib, nafas chiqarishda ishtirok etadi. Innervatsiyasi: nn. intercostales.

4. Koʻkrakning koʻndalang mushagi (m. transversus thoracis) Koʻkrak qafasi oldingi devorining orqa yuzasida joylashadi. U toʻsh suyagi tanasining pastki qismi va xanjarsimon o‘simtadan boshlanadi. Lateral va yuqoriga yelpigʻichsimon tarqalib, alohida tishchalar bilan II—VI qovurg‘alar togʻayiga birikadi. Faoliyati: qovurgʻalarni tushirib nafas chiqarishda ishtirok etadi. Inner­vatsiyasi: nn. intercostales.

[1]

  1. Odam anatomiyasi. Toshkent: Iqtisod-moliya, 2007 — 117-118 bet. 9-dekabr 2022-yilda qaraldi.