Koʻp yillik muzlagan togʻ jinslari

Vikipediya, ochiq ensiklopediya
Jump to navigation Jump to search

Koʻp yillik muzlagan togʻ jinslari — tarkibida uzoq, muddat muz saqlab turuvchi va litosferaning asosiy muzlagan massasini tashkil qiluvchi jinslar. Manfiy temperatura natijasida paydo boʻladi. Bunday jinslar yer yuzasining faol yuqori qatlamidan bir qadar chuqurlikda yotadi va tegishli tabiiy sharoitda kamida ikki yildan yuz yillab va hatto ming yillab muzlagan holatda saqlanib turadi. Hozirgi zamon maʼlumotlariga koʻra, muzlagan holatdagi togʻ jinslarining eng katta yoshi 1 mln. yildan oshadi. Oʻzbekistonda bunday jinslar 4000 m dan yuqoridagi togʻ tepalarida uchraydi. Muz qoʻshimchalarining shakli va oʻlchamlari va oʻzaro joylashuvi choʻkindilarning toʻplanishi va muzlash sharoitiga bogʻliq. Muzlagan togʻ jinslari oʻz tarkibida suv va suv bugʻini ham saqlashi mumkin, ularning hajmi va taqsimlanishi jinsning mineral yoki organo-mineralli skeletining dispersligiga va muzlash yoki erish sharoitiga bogʻliq. Muzlagan togʻ jinsida muzning boʻlishi uning fizik, mexaniq va filtratsiya xususiyatlariga jiddiy taʼsir koʻrsatadi. Boʻsh va yoriqlari boʻlgan qoyali togʻ jinslari muzlashi natijasida yangicha xususiyatlarga (bir-biriga yopishib qolish, suv oʻtkazmaslik va h.k.) ega boʻladi. Bu holat jinslardan qurilish ishlarida foydalanishda muhim ahamiyatga ega. Shunday hududlarni oʻzlashtirishda oʻziga xos sharoitlarni hisobga olish zarur. Turli inshootlarni loyihalash va qurishning ilmiy asoslarini geokriologiya muhandisligi hal qiladi. Bu sohaning rivojiga xorijda rossiyalik, shvetsiyalik, amerikalik va boshqa olimlar salmoqli hissa qushgan.[1]

Manbalar[tahrir]

  1. OʻzME. Birinchi jild. Toshkent, 2000-yil