Kitob surxagi

Vikipediya, ochiq ensiklopediya

Kitob surxagi, Surhaq, Gov surhag — xalq seleksiyasida chiqarilgan eng ertapishar xoʻraki uzum navi. Vatani—Markaziy Osiyo. Ekologik-geografik jihatdan Sharqiy guruh navlariga kiradi. Bargi oʻrtacha (oʻz. 15 sm, eni 15 sm), shakli dumaloq, 5 boʻlakli, oʻrtacha kertikli. Guli 2 jinsli. Uzum boshi yirik, ogʻirligi 400—500 g, shakli konussimon, shingillari zich. Gʻujumlari yirik (ayrim yirik gujumlari 27 mm gacha), toʻq pushti rang. Etdor, sershira, poʻsti oʻrtacha qalinlikda, karsillaydi, gujumi tarkibida 15,5% qand bor, nordonligi 3,3 g/l. Har gʻujumida Z dona urugʻi bor. Tupi kuchli oʻsadi. Sovuqqa chidamsiz boʻlganligi sababli qishda koʻmish kerak. Kul va barg oʻrovchilaridan kam zararlanadi. Iyun oxiri — iyul boshlarida pishadi. Toshkent viloyatida kurtak yozishidan boshlab gʻujumlari toʻliq pishishi uchun 100 kun talab qilinadi (faol harorat yigʻindisi 2500° da). Koʻp zang qoldirib, yelpigʻichsimon shakl berib oʻstirilganda toklar yaxshi hosil beradi. Hosildorligi 160—220 s/ga. Oʻzoq joylarga yuborishga chidamsiz. Gʻujumlari toʻliq pishgach, 8—12 kunda hosil yigʻishtirib olinadi, aks holda tashqi koʻrinishi va taʼmini yoʻqotadi. Surxondaryo, Toshkent, Samarqand viloyatlarida ekiladi. Oʻzbekistonda barcha viloyatlar uchun rayonlashtirilgan. [1]

Manbalar[tahrir | manbasini tahrirlash]

  1. OʻzME. Birinchi jild. Toshkent, 2000-yil