Kista

Vikipediya, ochiq ensiklopediya
Jump to navigation Jump to search

Kista (yun. kistis — pufak) — turli aʼzo va toʻqimalarda vujudga keladigan, qalin devor bilan oʻralgan va ichida suyuq yoki boʻtqasimon massasi boʻlgan patologik boʻshliq. K., koʻpincha, tuxumdonda, turli qavatlarda, jigar, buyrak, oʻpka, hatto bosh miyada uchrashi mumkin. Bezli aʼzolar sekret chiqaruv yoʻllarining berkilib qolishi natijasida kelib chiqadigan dimlanish K.si (retension K.); toʻqimalar shakllanishining buzilishi oqibatida paydo boʻladigan tugʻma K. (oʻpka, jigar, buyrak, va boshqalarda); tomir yoki bez oʻsmasidan iborat boʻlib, ichiga suv toʻplanishi tufayli K.ga aylanadigan oʻsmasimon K. (kavernoz angioma); shikastlanish natijasida epiteliy siljishi va tagidagi toʻqimaga kirishidan hosil boʻladigan travmatik K. (mas, koʻz rangdor pardasi K.si), shuningdek, gijjalar (exionokokk sistitserk)ning toʻqima va aʼzolarga joylashib olishidan vujudga keladigan parazitar K. va boshqa xil K.lar bor.

Tuxumdon K.si koʻp uchraydi. U xavfsiz oʻsma boʻlib, Graaf pufakchalari yorilmay qolishi sababli follikul devorlari sekin-asta kengayib, unda suyuqlik toʻplanishi natijasida vujudga keladi. Pufakchalarda band (oyoqcha) boʻlib, agar u buralib qolsa, qorin toʻsatdan qattiq ogʻriydi. K. yongʻoqdek, baʼzan olmaday boʻlishi mumkin. K.si bor ayol muntazam vrach nazoratida turishi lozim. K. yiringlashi, atrofidagi toʻqimalarni siqib qoʻyishi yoki xavfli oʻsmaga aylanishi mumkin. Dori-darmonlar bilan K.ni yoʻqotib boʻlmasa, operatsiya qilib olib tashlanadi.[1]

Manbalar[tahrir]

  1. OʻzME. Birinchi jild. Toshkent, 2000-yil