Kinologiya

Vikipediya, ochiq ensiklopediya

Kinologiya (yun. kyon — it va ...logiya) — itlar toʻgʻrisidagi fan. K. itchilikning ilmiy asosini tashkil etadi. K. itlarning evolyusiyasi, zotlari, anatomiyasi, fiziologiyasi, shu jumladan, oliy nerv sistemasi, xattiharakatlari, seleksiyasi, ularni urchitish, oziqlantirish, saqlash, oʻrgatish va ov, krrovul, qidiruv, bojxona, chegara va boshqa xizmatlarda foydalanish masalalarini oʻrganadi. Fan sifatida 19-asrning 2-yarmida vujudga kelgan.

Koʻpgina Yevropa mamlakatlarida va AQShda K. tashkilotlari ish olib boradi. Oʻzbekistonda K. masalalarini ilmiy oʻrganish rus ofitserlar ovchilik jamiyatlari va itchilik klublari tashkil etilgan 20-asr boshlariga toʻgʻri keladi. 1927 yilda Oʻzbekiston ov itlari shajara daftari joriy qilingan. DOSAAF Oʻzbekiston boʻlimi hoʻzurida 1937 yildan K. kengashi faoliyat koʻrsatdi. 1992 yil may oyida Oʻzbekiston K. federatsiyasi tashkil etildi. Oʻzbekistonda respublika davlat bojxona qoʻmitasining milliy K. markazi, Milliy xavfsizlik xizmatining naslchilik pitomnigi va Toshkent shahri Ichki ishlar bosh boshkarmasining naslchilik pitomnigida K. nazariy masalalari oʻrganiladi, itchilikka oid naslchilik ishlari, itlarni amaliy maqsadlarda foydalanishga tayyorlash, yangi it zotlarini yetishtirish, ularni sinovdan oʻtkazish, shajara va naslchilik daftarlarini yuritish ishlari olib boriladi. K. koʻpgina mamlakatlarda zootexniya hamda veterinariya oliy va oʻrta maxsus oʻquv yurtlarining dasturlariga kiritilgan (yana q. Itchilik).[1]

Manbalar[tahrir]

  1. OʻzME. Birinchi jild. Toshkent, 2000-yil