Keshik

Vikipediya, ochiq ensiklopediya
Jump to navigation Jump to search

Keshik (turkcha kezik — navbat, ran) — xonning xos gvardiyasi. Chingizxon 1203 y. Sharqiy Moʻgʻulistonda hokimiyatni oʻz tasarrufiga kiritgach, K. tuzilishiga alohida eʼtibor qaratadi. K. kunduzgi xos soqchilar va toʻngi xos soqchilardan iborat etib tuziladi. Kunduzgi xos soqchilar (turgeut) ning soni 70, toʻngi xos soqchi (kebteul)larning soni 80 nafardan iborat boʻladi. K. tarkibiga, shuningdek, oʻqchilar (xoʻrchi), oshpazlar (baurchi), axtachilar, xoʻjalik ishlari mutasaddi (cherbi)lari ham kiritilgan. Moʻgʻul zodagonlari va noʻyonlari farzandlaridan tashkil qilingan K. tarkibidan harbiy harakatlar chogʻida qoʻshinning ilgʻornda joylashgan, tinchlik onlarida esa saroyda soqchilik bilan mashgʻul boʻlgan bahodirlar ham oʻrin olgan. K. soqchilari har 3 kunda navbat almashgan. 1206 y. Chingizxon K. tuzilishiga sezilarli oʻzgarishlar kiritadi, uning sonini 10 ming nafarga yetkazadi. Yuan impe-riyasining asoschisi Xubilay davrida K.ning miqdori 12 ming kishidan iborat boʻlgan. K. tarkibini muttasil toʻldirib turish maqsadida har bir mingboshining farzandi oʻzi bilan 1 qarindoshi va 10 navkarni, oʻnboshining oʻgʻli esa, 1 qarindoshi va 3 navkarni boshlab kelgan. K. qattiq tartib va intizomga boʻysundirilgan. Oʻz navbati chogʻida xizmatga kelmagan xos gvardiyachi 1-marta 30 tayoq, 2-marta 70 tayoq, 3-marta esa, oldin 37 tayoq urish bilan jazolangan, soʻng K.dan butunlay haydalgan. K. faqat xonning oʻzi bevosita qoʻmondonlik qilgan harbiy yurishlarda qatnashgan. Lashkargoxda qurilgan xon qarorgohining oldida bahodirlar, oʻng tomonida oʻqchi va kunduzgi xos soqchilar, K.ning qolgan 7 ming nafari chap tomonida joylashgan. K. saflaridan Chingizxon barpo etgan armiyaning koʻpdan-koʻp atoqli sarkardalari yetishib chiqqan.

Adabiyot[tahrir]

  • Bartold V.V., Chingizxan i mongoli, Sochineniya, t.1, M., 1963.

Hamidulla Dadaboyev.[1]

Manbalar[tahrir]

  1. OʻzME. Birinchi jild. Toshkent, 2000-yil