Kenesari qoʻzgʻoloni

Vikipediya, ochiq ensiklopediya
Jump to navigation Jump to search

Kenesari qoʻzgʻoloni - Oʻrta juznpng Rossiyaga tobe qilib olinishiga qarshi olib borilgan milliy ozodlik harakati (1837—47). Rossiya imperiyasi 19-asr boshlaridan eʼtiboran Qozogʻistonni butunlay boʻysundirish tadbirlarini ishlab chiqdi. 1819 y. Oʻrta juz tugatilib, Omsk gubernyasiga qoʻshib yuborildi. 1822 y. qabul qilingan Sibir qirgʻizlari boʻyicha nizom (ustav)ga muvofiq, qozoq jamiyati okrug , boʻlis, ovullarga ajratilib boshqarilgan. Boʻlislar boshida sultonlar oʻtirgan. Qozoqlarning anʼanaviy turmush tarzini yemirish va ruslashtirish uchun hosildor yerlarga kazaklar koʻchirib keltirila boshlandi. Qozoq aholisi chorizmning bunday mustamlakachilik siyosatiga qarshi Ablayxonning avlodlari atrofida uyusha boshladi. Dastlab Kichik juzda Isatoy Tayminov va Mahambet Utemisov boshchiligida qoʻzgʻolon koʻtarildi (1836—38). Oʻrta juzda Ablayxonning nevarasi sulton Sarjan Rossiyaga karshi kurash boshladi (1836). Chorizmga qarshi olib borilgan bu kurashlar stixiyali va tarqoq boʻlsa ham 19-asrda qozoq xalqining Rossiya hukmronligiga qarshi koʻtargan eng katta qoʻzgʻoloni — sulton Kenesari Kroimoye (1802—47) boshchiligidagi qoʻzgʻolonni tashkil qilishda muhim rol oʻynaydi. K.q.ning asosiy maqsadi Qozogʻistonning Ablayxon davridagi hududiy yaxlitligini saqlab qolish, okruglarni tugatish, Rossiya imperiyasi hali bosib olmagan qozoq yerlarining toʻla daxlsizligini saqlab qolish edi. Kenesari Qosimovning asosiy talablari Rossiya imperatori Nikolay I, Orenburg gubernatori V.A. Perovskiy, V.A.Obruchev, Sibir gubernatori knyaz P.D.Gorchakov va b.ga yoʻllagan xatlarida koʻrsatilgan. Kenesariga birodarlarining hech qaysisi jasoratda teng kela olmagan. U bobosi Ablayxonning eng yaxshi hislatlarini oʻzida mujassamlashtirgan, joʻshqinligi va harakatchanligi bilan hatto undan oʻtib ketgan edi. Biroq, qoʻzgʻolon boshlanishi bilan qozoq zodagonlari bir-biriga qarama-qarshi 2 guruhga boʻlindi. Oq-moʻla okrugining katta sultoni Konirkulja Kudaymendin, Kichik juz sultonlari Ahmad va Muhammad Jonturin, sulton Aychuvakov Kenesarining ashaddiy dushmanlari boʻlib, ular chor maʼmurlari oldidagi oʻz mavqeini yoʻqotishni xohlashmagan. Hatto Ablayxonning oʻgʻillari Ali, Suyuk (Kenesarining amakilari) ham u Yettisuvga joʻnab ketgach, qoʻzgʻolonchilarga nisbatan dushmanchilik munosabatida boʻlishdi. Ushbu qiyinchiliklarga qaramasdan sulton Kenesari barcha vositalar bilan oʻz atrofida 3 juzning urugʻlarini toʻplashga erishdi.

K.q.da Oʻrta juzdan tashqari Kichik juzning shekti, tama, tabin, olchin, shumekey, japlas, Katta juzning uysun, dulat va b. urugʻlari faol qatnashdi. Qoʻzgʻolonchilarning umumiy soni 20 ming kishiga yetdi, xususan, Oʻrta juz sultonlari alohida jonbozlik koʻrsatishdi. Omsk sud-jazolash muas-sasalari toʻplagan maʼlumotlarga qaraganda, faqat Kushmurun, Koʻkchatov, Oqmoʻla, Karqara,Boyonovul okruglarida qoʻzgʻolonchilarni 80 dan ortiq sultonlar, biylar, oqsoqollar qoʻllab-quvvatlagan. Qoʻzgʻolonning harakatlantiruvchi kuchi qozoq chorvadorlari edi. Harbiy otryadlarga Agibay, Iman (Omongeldi Imonovning bobosi), Basigara, Angal, Jeke, Boysaid, Bukor-boy kabi taniqli xalq botirlari rahbarlik qilishdi. Qoʻzgʻolonda qozoqlardan tashqari oʻzbeklar, qirgʻizlar, hatto ruslar va polyaklar ham qatnashdi. K.q. 1837 y. noyabrda boshlanib, faol harbiy harakatlar 1838 y. bahorida Oqmoʻla istehkomi egʻallangach, kuchaytirildi. Qoʻzgʻolonchilar tezda Toʻrgʻayda oʻz kuchlarini birlashtirdilar. Ular safiga Kichik juzdan Isatoy Tayminov oʻz otryadi bilan kelib qoʻshildi. 1841 y. sent.da 3 juzning vakillari Kenesari Qosimovni xon qilib sayladilar, qozoq xonligi qayta tiklandi. 1841 y. avg .da Qoʻqon xonligiga qarashli Soʻzoq, Janaqoʻrgʻon, Oqmachit, Julek qalʼalari egʻallandi. Kenesarixonning Buxoro xonligi (amirligi) va Xiva xonligi bilan munosabatlari esa yaxshi boʻlgan. Xiva xoni qozoq otryadlarini toʻplar va oʻqdori bilan taʼminlagan. Kenesarixon Rossiyaga qarshi kurashda ular bilan harbiy ittifoq tuzmoqchi boʻladi. 1843 y. 27 iyunda Nikolay I K.q.ga qarshi yirik harbiy yurish tayyorlash toʻgʻrisidagi farmonni imzoladi. Qozoq urugʻlari oʻrtasidagi qarama-qarshilik chorizm maʼmuriyatiga qoʻl keldi. Lebedevning 2 ming kishilik qoʻshini qozoq sultonlari A.Jonturin va B.Aychuvakovning otryadlari bilan hamkorlikda qoʻzgʻolonchilarga qarshi tashlandi. 1844 y. 21 iyunda Kenesarixon qoʻshini sulton Jonturin qoʻshinini yengdi. Qoʻzgʻolonni bostirish uchun Orenburgdan polkovnik Dunikovskiy, Sibirdan general Jemchujnikov boshchiligidagi qoʻshinlar keltirildi. Ikki tomondan iskanjaga olingan Kenesarixon oʻzining qolgan qoʻshinini Sariq Arkudan olib, Katta juzga chekindi. K.q.ning 1-bosqichidagi mustamlakachilikka qarshi kurash shu bilan tugadi. 1847 y.dan boshlab uning 2-bosq-ichi — qirgʻizlarga qarshi talonchilik yurishi boshlandi. Kenesarixon Ili daryosining oʻng qirgʻogʻiga oʻtib, u yerdagi koʻchmanchi Olatov qirgʻizlariga xavf soldi. 1847 y. aprelda Kenesarixon 10 ming kishilik qoʻshin bilan qirgʻiz yerlariga bostirib kirdi. Qirgʻiz manaplari Oʻrmon, Jantay Qorabekov, Jangarach qurultoy chaqirib, xalqni unga qarshi koʻtardilar. Issiqkoʻl atrofi va Chu daryosining yuqori qismida qirgʻizlar bilan bir necha marta toʻqnashuvlar boʻldi. Toʻqmoq yaqinidagi soʻnggi jangda Kenesarixon magʻlubiyatga uchradi. 1847 y. yozida Kenesarixon boshchiligidagi kichik guruh (2 oʻgʻli, birodari va 15 sulton) Olmali darasida qirgʻizlar tomonidan asir olindi. Manap Xoʻjambek Toshtambek xun olish odatiga koʻra, sulton Kenesarixonni vahshiyona oʻldirdi. Asir olingan boshqa kishilar ham qiynab oʻldirildi. Manap Jantay Qorabekov uning boshini ruslarga yubordi. Knyaz Gorchakov bu qirgʻiz manaplarini qimmatbaho sovgʻalar va turli mansablar bilan siyladi. Qoʻzgʻolon ishtirokchilaridan ayovsiz oʻch olishga kirishildi. K.q. ana shunday fojiali yakunlandi. Uning oqibatlari qozoq juzlarining tamoman Rossiya imperiyasi tomonidan egʻallanishiga, shuningdek, Shim. Qirgʻizistonga rus qoʻshinlari bostirib kirishiga olib keldi.

Adabiyot[tahrir]

  • Natsionalno-osvoboditelnaya borba kazaxskogo naroda pod predvoditelstvom Kenesari Kasimova [Sbornik dokumentov] (rus va qozoq tilida), Almati, 1996; Materiali k istorii Sultana Kenesari Kasimova, T., 1923; Istoriya Kazaxstana (ocherk), Almati, 1993.

Qahramon Rajabov.[1]

Manbalar[tahrir]

  1. OʻzME. Birinchi jild. Toshkent, 2000-yil