Kattaqoʻrgʻon (uzum)

Vikipediya, ochiq ensiklopediya

Kattaqoʻrgʻon — kechpishar xoʻraki, mayizbop uzum navi. Sharqiy ekologik-geografik navlar guruhiga kiradi. Vatani — Oʻrta Osiyo. Tupi kuchli oʻsadi. Bargi oʻrtacha va yirik, 3—5 boʻlakchali, oz kertikli, bir oz qabariqli, ustki sirti toʻq yashil, yaltiroq, ostki sirtida tuklari yoʻq. Guli funksional urgʻochi. Uzum boshi yirik (boʻyi 12—26 sm, eni 14—25 sm), gʻujumi yirik, ovalsimon yoki tuxumsimon och yashil, etdor, sershira, poʻsti yupqa’, urugʻi yirik. Hosili faol harorat yigʻindisi 3400—3800° da 150—160 kunda, sent. 2-yarmida pishib yetiladi. Hosildorligi 70—80 s/ga. K. funksional urgʻochi gulli boʻlganligi sababli unga Oq kishmish, Qora kishmish, Pushti Toifi, Saperavi, Sultoniy navlari eng yaxshi changlovchilar hisoblanadi. Sovuqqa va zamburugʻ kasalliklariga chidamsiz. Novdalarining 6—14-koʻzlaridan eng koʻp miqdorda hosilli novdalari shakllanadi va novdani uzun kesish talab qilinadi. Yangiligida yeyiladi, quritiladi, garmiyon mayi-zi tayyorlanadi. Uzoq yerlarga tashishga yaroqli. Oʻzbekistonning jan. viloyatlarida rayonlashtirilgan.[1]

Manbalar[tahrir | manbasini tahrirlash]

  1. OʻzME. Birinchi jild. Toshkent, 2000-yil