Kontent qismiga oʻtish

Katta O‘yin nazariyasi

Vikipediya, ochiq ensiklopediya

“Katta O‘yin” nazariyasi va uning hozirgi ko‘rinishlari. Bu konsepsiya shunday bir qoidaga asoslanadiki, unga muvofiq Markaziy Osiyo Yevrosiyoning bir nechta katta davlatlariga geografik jihatdan yaqin joylashganligi uchun strategik ahamiyat kasb etadi. Shu bois, “Katta O‘yin” nazariyasiga binoan, Markaziy Osiyo tashqi kuchlar uchun talash ob’ekti bo‘lib, ko‘p marta bo‘lingan, qo‘shib olingan, xalqaro siyosat maydonidan g‘oyib bo‘lgan va yana vujudga kelgan. “Katta O‘yin” atamasini ilk bor Artur Konnoli tomonidan Britaniya va Rossiya imperiyasining Markaziy Osiyoda gegemonlik uchun strategik raqobatiga nisbatan qo‘llagan edi. Keyinchalik u Buyuk Britaniyaning Osiyoga mustamlakachilik yurishlarini tasvirlagan ingliz adibi va sayyohi Redyard Kiplingning yozuvchilik mahorati ta’sirida keng tarqaldi. “Katta O‘yin”ning birinchi, klassik davri qariyb 100 yil davom etdi va 1907 yilda Angliya-Rossiya Konvensiyasining imzolanishi bilan yakunlandi. Markaziy Osiyo o‘sha davrning ikki eng qudratli imperiyasi o‘rtasida joylashgan edi. Ikkala davlat bu erda qarshi tarafning paydo bo‘lishini o‘z manfaatlariga tahdid deb qarab va bunga yo‘l qo‘ymaslikka intilib, mintaqani intensiv ravishda o‘rgandi va razvedka qildi. Bu strategik o‘yinni hozirgi davr ta’biri bilan «Kabuki geosiyosiy raqsi» deb nomlash mumkin: raqobat ayovsiz tus oldi, lekin tomonlar biri biridan masofani saqlab, hech qachon bevosita qurolli to‘qnashuvga yo‘l qo‘ymadilar. Angliya Rossiyaning asta-sekin janubga siljib, Markaziy Osiyo xonliklarini birin-ketin bosib olib, oxir-oqibatda Hindiston chegaralariga chiqishidan qo‘rqar edi. Bu holda orqada bo‘ysundirilgan erlarga va Rossiya imperiyasining markazi bilan quruqlik bo‘ylab aloqaga ega rus qo‘shini ingliz ekspeditsion qo‘shinlari oldida ustunlikka ega bo‘lardi. “Britaniya tojining durdonasi” bo‘lgan Hindiston xavf ostida qolardi. Shu sharoitda London zudlik bilan buning oldini olish choralari ko‘rdi: 1838 yilda Afg‘onistonni egallash maqsadida birinchi ingliz-afg‘on urushi boshlandi. Lekin 1842 yilda Britaniya qo‘shinlari Kobulni tashlab, chekinishga majbur bo‘ldi. 1865 yil ruslarning Toshkent va Samarqandni bosib olishi, Amudaryo qirg‘oqlariga chiqishi va Kobuldagi diplomatik faolligi britaniyaliklarni sharmandali mag‘lubiyat haqida unutib, 1878 yilda ikkinchi afg‘on kampaniyasini boshlashga majbur qildi. Ammo bu safar ham ularning 40 ming kishilik qo‘shini muvaffaqiyatsizlikka uchradi va 1881 yilda chekinishga majbur bo‘ldi. Rossiya esa janubga yurishini davom ettirdi. Bu 1884 yil mashhur Panjex voqeasi ro‘y bergunga qadar davom etdi. O‘shanda rus qo‘shinlari Marvni bosib olgach, birinchi marta afg‘on qurolli kuchlari bilan to‘qnashdi. Ikki buyuk davlat o‘rtasida bevosita to‘qnashuvning oldini olish uchun zudlik bilan Ingliz-Rus CHegara Komissiyasi ta’sis etildi. Bu Komissiya Amudaryo bo‘ylab chegara chizig‘ini qayd etdi. Keyinchalik, 1907 yilda taraflar Afg‘oniston Buyuk Britaniya nazorati ostidagi hudud ekanligi, u mavjud chegaralarni tan olishi va Rossiyaning Markaziy Osiyodagi ishlariga aralashmasligi haqidagi Konvensiyani imzoladilar.

“Katta O‘yin”ning klassik davri shu tariqa yakunlandi.

[tahrir | manbasini tahrirlash]

Bolshevistik inqilob chor Rossiyasining barcha shartnomalarini, shu jumladan 1907 yilgi Angliya-Rossiya Konvensiyasini ham bekor qildi. Bu mintaqada geostrategik raqobatning yangi bosqichi boshlanishiga sabab bo‘ldi. Uchinchi ingliz-afg‘on urushi 1919 yilda, Omonulloxon mamlakatni Buyuk Britaniyadan to‘liq mustaqil deb e’lon qilganidan so‘ng boshlandi. Natijada Ravalpindi Bitimi tuzildi va unga ko‘ra Afg‘oniston tashqi siyosatda o‘z taqdirini o‘zi belgilash huquqini qo‘lga kiritdi. Ko‘p o‘tmay SSRI va Afg‘oniston o‘rtasida Do‘stlik haqida shartnoma imzolandi. U taraflarni uncha qanoatlantirmasa-da, asosiy natijaga erishildi – Afg‘oniston Britaniya ta’siridan xalos bo‘ldi. Ikkinchi jahon urushidan so‘ng geostrategik raqobatda Buyuk Britaniya o‘rnini Qo‘shma SHtatlar egalladi. Ikki qutbli qarama-qarshilik taraflari jahonning eng muhim mintaqalaridan bir-birini siqib chiqarish va bu erda o‘z ta’sirini o‘rnatishga harakat qildilar. Tabiiyki, bu ziddiyat Yaqin va O‘rta Sharqning uglevodorodli xom ashyoga boy va strategik jihatdan muhim hududlarini, shuningdek ularga qo‘shni mintaqalarni ham chetlab o‘tmadi. 1979–1989 yillarda Afg‘oniston uchun kurash “Katta O‘yin” ikkinchi bosqichining cho‘qqisi bo‘ldi. Bu kurashga ikkala blok ham juda katta resurslarni tashladi. Sovet Ittifoqining mag‘lubiyati va oradan ko‘p o‘tmay parchalanib ketishi Markaziy Osiyoda mutlaqo yangi geosiyosiy vaziyatni yuzaga keltirdi. SHu zahoti yangi “Katta O‘yin” ssenariylari yozila boshladi. Markaziy Osiyo mamlakatlari mustaqilligining dastlabki bosqichida ko‘pgina siyosatshunoslar mintaqada o‘z ta’sirini o‘rnatish uchun geosiyosiy raqobat asosan Turkiya va Eron o‘rtasida bo‘lishini taxmin qilgan edilar. Jahonda Xitoy mavqei mustahkamlanishi bilan unga Markaziy Osiyodagi mavqei va ta’siri baland kuch sifatida qarala boshlandi. Global markazlar mintaqaning muhimligini qayd etgan holda, amalda bu erda ro‘y berayotgan jarayonlarga uncha aralashmadilar. 2001 yil 11 sentyabrdan so‘ng vaziyat butunlay o‘zgardi. Markaziy Osiyo xalqaro terrorizmga qarshi kurashning istehkomiga aylandi. Bu erda NATO harbiy-siyosiy kuchlari hozirligi pretsedenti vujudga keldi. Afg‘onistondagi antiterroristik operatsiyaning dastlabki bosqichida ko‘pchilik Markaziy Osiyo o‘z tarixida birinchi marta raqobat ob’ektiga emas, ko‘p taraflama, balki uzoq muddatli hamkorlik maydoniga aylanmoqda, degan fikrni ilgari surdi. “Katta O‘yin” tugagandek va bir tomonning g‘alabasi ikkinchi tomon manfaatiga zid kelmaydigan holat, ya’ni “non-zero-sum-game” davri boshlangandek bo‘lib tuyuldi. Biroq, terrorizmga qarshi urush cho‘zilgani sari ayrim mamlakatlarning manfaatlari o‘rtasida ziddiyatlar namoyon bo‘la boshladi. Ular Markaziy Osiyoda o‘z ta’sirini o‘rnatish uchun o‘zaro kurash olib borayotgani ayon bo‘lib qoldi. Oldingi davrlardan farqli o‘laroq, mintaqa uchun geosiyosiy kurashning hozirgi bosqichi bir qancha o‘ziga xos fundamental xususiyatlarga ega. Bu kurashga oldingidan ancha ko‘proq davlatlar qo‘shilganki, shuning o‘ziyoq qarama-qarshilikning murakkab, ko‘p yo‘nalishli shakl-shamoyilini namoyon etadi. Bunda o‘xshash yondashuvli mamlakatlar guruhlari, masalan, AQSH va Yevropa Ittifoqi bir tomondan va Shanxay Hamkorlik Tashkiloti davlatlari ikkinchi tomondan kuzatilmoqda. Bu Markaziy Osiyo tevaragida bloklar qarama-qarshiligi vujudga kelishiga zamin hozirlaydiki, bu mintaqa uchun juda xavflidir. Mintaqa o‘z tarixida birinchi marta har xil mo‘ljalli mamlakatlarning harbiy kuchlari bir-biridan xavfli yaqinlikda joylashgan zonaga aylandi. Markaziy Osiyodagi yangi “Katta O‘yin” ishtirokchilari orasida o‘ta tajovuzkor kuchlar – diniy radikalizm, xalqaro terrorizm va narkobiznes paydo bo‘ldi. Ular havoyi fantom, virtual xavf va shunchaki yovuzlik timsoli emas. Bu kuchlar aniq kun tartibi, tarmoqlangan tashkiliy tuzilmaga va uncha-muncha davlat bellasha olmaydigan qudratli moliyaviy qudratga ega. Ular Markaziy Osiyodagi jarayonlarda ishtirok etayotgan davlatlar orasida ziddiyat mumkin qadar kuchayishidan manfaatdordirlar. Geoiqtisodiy manfaatlar Markaziy Osiyo tevaragidagi raqobatning muhim yo‘nalishiga aylandi. Energetika, transport infratuzilmasi sohasidagi mintaqaviy loyihalarning amalga oshirilishi yoki, aksincha, muvaffaqiyatsizlikka uchrashi yirik davlatlar taqdiriga va jahon iqtisodiyotining rivojlanishiga katta ta’sir ko‘rsatishi mumkin. Nihoyat, ilgari Markaziy Osiyo xalqlari davlatlar o‘rtasidagi geosiyosiy bellashuvning o‘ziga xos “sovrini”, passiv sub’ektlari hisoblangan bo‘lsa, bugungi kunda ular strategik jarayonlarning faol ishtirokchilariga aylanmoqda.

Rossiya va Markaziy Osiyo

[tahrir | manbasini tahrirlash]
Markaziy Osiyo

Markaziy Osiyoning tashqi dunyo bilan aloqalari to‘rt asosiy geostrategik yo‘nalishi orasida Rossiya yo‘nalishi so‘nggi asrlar davomida etakchi bo‘lib keldi. XIX asrning so‘nggi choragidan e’tiboran va deyarli butun XX asr davomida u mohiyat e’tibori bilan yagona yo‘nalish bo‘lib qoldi. Rossiyaning mintaqadagi hozirgi roli ko‘p jihatdan ham ana shu holat bilan belgilanadi. Rossiya va Markaziy Osiyo o‘rtasidagi aloqalarning mazmuni va xususiyatini bir qancha omillar belgilaydi. Birinchi omil – savdo-iqtisodiy aloqalar. Bu aloqalar faqat so‘nggi asrning iqtisodiy tarixi va bir paytlar yagona xalq xo‘jaligi kompleksiga mansub bo‘lganlik bilangina belgilanmaydi. Bu munosabatlar ancha chuqur ildizlarga ega. Rossiya imperiyasi Markaziy Osiyoni bosib olgunga qadar Buxoro Amirligining Rossiya bilan savdo-sotiq hajmi uning barcha janubiy qo‘shnilari bilan umumiy savdo-sotiq hajmidan ikki baravar katta edi. Hamma gap, albatta, ishlab chiqarishning tuzilishi va iqtisodiyotlarning bir-birini to‘ldirishidadir. Rossiya – Markaziy Osiyoning asosiy tovarlari: xom ashyo, qishloq xo‘jalik mahsulotlari, foydali qazilmalar uchun tabiiy bozordir. Markaziy Osiyoning qolgan barcha qo‘shnilari shu guruhga mansub tovarlarni o‘zlari ishlab chiqaradilar va shu bois ular xaridor emas, balki ko‘proq mintaqaning savdo raqibi bo‘lishlari mumkin. Bundan tashqari, mintaqaning boshqa biron-bir yaqin iqtisodiy hamkori Rossiya darajasida katta va qamrovli bozorga ega emas. Markaziy Osiyo uchun Rossiya boshqa qo‘shni mamlakatlarda bo‘lmagan strategik tovarlar – metall, yog‘och, qurilish materiallarining asosiy manbaidir. Rossiya uchun Markaziy Osiyo uning sanoat mahsulotlari – to‘qimachilik, qishloq xo‘jalik mashinasozligi uchun tabiiy bozordir. Xullas, ikkala tarafni iqtisodiy jihatdan bir-biriga tortadigan omillar juda kuchlidir. So‘nggi yillarda savdo-iqtisodiy aloqalar tarkibida katta o‘zgarishlar ro‘y bermoqda. Markaziy Osiyo jahon energiya resurslari bozorining tarkibiy qismiga aylanib borayotir. Shu sohadagi etakchi davlatlardan biri bo‘lgan Rossiya buni hisobga olmasligi mumkin emas, albatta. 90-yillarning boshida, Markaziy Osiyoga nisbatan Rossiya tayinsiz siyosat olib borgan davrda u mintaqa energiya resurslarini, avvalo, Qozog‘istonning neftga boy konlarini o‘zlashtirishda tashabbusni qo‘ldan chiqardi. So‘nggi yillarda, Rossiya energetik kompaniyalari o‘z qudratini tiklashi bilan bir vaqtda, u, avvalo, gaz qazib olish sohasida asosiy hamkor sifatidagi mavqeini mustahkamlash uchun katta mablag‘larni investitsiyalashtirishga harakat qilmoqda. Markaziy Osiyodan Rossiyaga ishchi kuchi migratsiyasining kuchayishi ham qayd etilmoqda. Bu ikkala taraf uchun ham muhim ijtimoiy-iqtisodiy ahamiyat kasb etmoqda. Ikkinchi muhim omil – transport kommunikatsiyalari. Mintaqa uchun shimoliy strategik transport yo‘nalishi dengiz portlariga olib chiqadigan temir yo‘llarga ega yagona yo‘nalish hisoblanadi. Kelajakka nazar tashlaydigan bo‘lsak, Afg‘oniston orqali o‘tadigan transport yo‘lagining rivojlanishi Rossiyani Janubi- Sharqiy Osiyo, Hind okeani va Fors ko‘rfazining portlari bilan bog‘lovchi yangi yo‘llar vujudga kelishini anglatadi. Uchinchidan, Rossiya va Markaziy Osiyoni xavfsizlik va xalqaro xavf-xatarlarga qarshi kurash sohasidagi umumiy manfaatlar bog‘laydi. 20 million musulmon yashaydigan Rossiya radikal islomga qarshi bevosita kurash olib bormoqda. Markaziy Osiyo, avvalo Afg‘onistondagi terrorchilik guruhlari CHechenistondagi tuzilmalar bilan aloqa qilayotgani ma’lum. Bugungi kunda narkobiznes katta muammo bo‘lib qolayotir. Rossiyada bu muammoni Markaziy Osiyodagi harakatlarsiz hal qilib bo‘lmaydi. To‘rtinchi muhim omil – umumiy axborot maydonining mavjudligi. Bu maydonda Rossiyaning ommaviy axborot vositalari muhim rol o‘ynamoqda. Nihoyat, geostrategik nuqtai nazardan Rossiya Markaziy Osiyoda boshqa davlatning harbiy-siyosiy hozirligi kengayishidan manfaatdor emas. Markaziy Osiyoda o‘z ta’sirini yo‘qotish Rossiya uchun katta strategik chekinish va jahonning obro‘li davlati sifatidagi mavqeini butunlay boy berish bilan barobardir. Shunga qaramay, 90-yilarda Rossiyaning Markaziy Osiyoga nisbatan siyosatida muayyan evolyusiyani boshdan kechirdi. Dastlabki davrda u ancha tayinsiz tus olib, Kreml e’tiboridan chetga chiqib qoldi. Boz ustiga, Moskvaning muvofiqlashtirilgan yagona siyosati yo‘qligi qayd etildi. Rossiyaning Markaziy Osiyodagi ta’siri keskin kamaydi. O‘z navbatida, mintaqaviy rivojlanish dasturlariga G‘arb mamlakatlari zudlik bilan qo‘shilishi va unda faol ishtirok etishiga umid qilindi. Vaqti-vaqti bilan Moskvada yangrab turgan “yangi imperiyachilikka” hamohang ovozlar ham bunga muayyan ta’sir ko‘rsatdi. 2000-yillarning boshida Rossiya tashqi siyosatida yangi ohanglar paydo bo‘la boshladi. Moskva dunyoviy demokratiya yo‘lidan borayotgan barqaror, do‘st mamlakatlar qurshovida bo‘lishdan manfaatdor ekanligini qayd etdi. Markaziy Osiyodagi har qanday muammolarni echishga aralashishi muqarrar ekanligini Rossiya yaxshi tushunadi. Shu bois u Markaziy Osiyoning barqaror rivojlanishi va bu erda xavfsizlik va barqarorlikka tahdid soluvchi xavflarni bartaraf etishga qodir kuchli davlatlar vujudga kelishidan manfaatdordir. 2003-2004 yillarda Rossiya mintaqadagi iqtisodiy va, ma’lum darajada, harbiy-siyosiy ta’sirini mustahkamladi. Tojikiston va Qirg‘izistonda Rossiyaning harbiy bazalari paydo bo‘ldi, Kollektiv xavfsizlik to‘g‘risidagi shartnoma Tashkiloti qayta tuzildi. Qozog‘iston va Turkmaniston bilan bir qancha muhim iqtisodiy bitimlar tuzildi, 2004 yil iyunda Toshkentda O‘zbekiston va Rossiya o‘rtasida harbiy-siyosiy jihatlarni ham o‘z ichiga olgan strategik hamkorlik to‘g‘risidagi hujjat imzolandi. Markaziy Osiyoda ish olib borayotgan xalqaro tashkilotlar faoliyatida Rossiya Federatsiyasining ishtiroki ham faollashdi. 2004 yil oktyabrda u Markaziy Osiyo Hamkorlik Tashkilotining to‘la huquqli a’zosi bo‘ldi. Shu yil Mintaqaviy antiterroristik tuzilmaning Pekinda Kotibiyati, Toshkentda – Ijroqo‘mini tashkil etish bilan Shanxay Hamkorlik Tashkilotining institutsiyaviy shakllanishi yakunlandi. Markaziy Osiyo mamlakatlari xavfsizligini mustahkamlash va ularning iqtisodiy rivojlanishiga ko‘maklashishga qaratilgan bu tashkilotda XXR bilan bir qatorda Rossiya ham muhim rol o‘ynashi lozim. Ayni vaqtda, mutaxassislar, shu jumladan rossiyalik olimlar Markaziy Osiyoda Rossiyaning faollashuvi puxta o‘ylangan uzoq muddatli strategiya natijasimi yoki mintaqada yangi omil – AQSH va NATO harbiy-siyosiy kuchlari paydo bo‘lishi va g‘arb mamlakatlarining bu erda faollashishiga impulsiv munosabatmi, degan savolni o‘rtaga tashlamoqdalar.