Kariotip

Vikipediya, ochiq ensiklopediya
DNA human male chromosomes.gif
Human karyotype with bands and sub-bands.png

Kariotip (kario… va yun. typos — namuna, shakl, tip), xromosomalar toʻplami — u yoki bu turga mansub organizmning maʼlum oʻlcham, shakl va songa ega xromosomalari toʻplami. K. tushunchasini fanga rus genetigi G.A.Levitskiy kiritgan (1924). Kariotip turning eng muhim genetik xususiyatlaridan boʻlib, har bir tur oʻz K.iga ega. Minglab oʻsimliklar, shuningdek, odam kariotipi oʻrganilgan. Masalan, yumshoqbugʻdoy Triticum aestivum ning somatik hujayralarida 42, qattiq bugʻdoy T. durum nikida 28 xromosoma, suli Avena sativa ning somatik hujayralarida 42 xromosoma bor. Oʻsimliklarning somatik (jinssiz) hujayralarida xromosomalar soni (diploid soni deb atalib, shartli ravishda 2p bilan belgilanadi), odatda, yetilgan jinsiy hujayralarinikiga (xromosomalarning sonining yarmi gaploid soni deb atalib, p bilan belgilanadi) nisbatan 2 marta koʻp boʻladi. Xromosomalarning diploid toʻplami urugʻlanish davrida ota-ona xromosomalarining qoʻshilishidan vujudga keladi. Biri ona, ikkinchisi esa ota organizmidan oʻtgan xromosomalar jufti gomologik hisoblanadi. Mazkur juftdagi gomologik xromosomalar morfologik jihatdan bir xil. Har bir tur uchun hujayradagi xromosomalar soni doimiy boʻlsada, baʼzan bundan chetlanishlar ham kuzatiladi. Masalan, gulli oʻsimliklar endospermasi hujayralaridagi xromosomalar toʻplami 3 hissa ortiq (triploidZp). Past yoki yuqori haroratlar taʼsirida xromosomalar kaltalashadi, ionlovchi radiatsiya va boshqalar taʼsirida esa qismlarga boʻlinib ketishi yoki toʻplamdan tushib qolishi mumkin. Ayrim xromosoma yoki uning biron qismining yoʻqolishi, koʻpincha, hujayrani halokatga olib keladi. K.ni qiyosiy oʻrganish oʻsimliklar sistematikasi (kariosistematika)da, shu jumladan, madaniy oʻsimliklarning kelib chiqishini oʻrganishda, seleksiyada keng qoʻllaniladi[1].

Manbalar[tahrir | manbasini tahrirlash]

  1. Normatov, Bahodir. OʻzME. Birinchi jild. Toshkent, 2000-yil.