Kariologiya

Vikipediya, ochiq ensiklopediya
Jump to navigation Jump to search

Kariologiya (kario ... va ... logiya) — sitologiyaningir boʻlimi; hujayra yadrosi va uning tuzilmalari (yadrocha, xromosomalar, yadro membranasi va b.)ni optik va elektron mikroskopiya, sitokimyo, izotop indikatorlar usullari yordamida oʻrganadi. K. 19-asr oxiri 20-asr boshlarida hujayra yadrosining irsiyatdagiyetakchi roli aniqlanganidan soʻng paydo boʻldi. Yadro tuzilmalarining interfaza va hujayraning boʻlinishi (qarang Amitoz, Mitoz, Meyoz, Endomitoz) davrida mikroskopik va submikroskopik tuzilishi, ayniqsa, xromosomalar reduplikatsiyasi qonuniyatlarining aniqanishi K.ning asosiy yutugʻi hisoblanadi. Genetika va K. asosida sitogenetika paydo boʻlgan. K. sitogenetika, rivojlanish biologiyasi, molekulyar biologiya bilan birga hujayra tuzilmalarining rivojlanishi va ixtisoslashuvi jarayonida xromosomalar va ular ayrim qismlarining shakllanishi hamda funksiyasi qonuniyatlarini oʻrganadi. Xromosomalar va ularni tashkil etgan tuzilmalar tarkibini oʻrganish K.ning eng aktual muammosi hisoblanadi. Har xil yoki bitta turga mansub organizmlar kariotiplarini qiyoslash asosida tur doirasida kariotiplarning oʻzgarmasligi prinsipining aniklanishi kariosistematikaning paydo boʻlishiga olib keldi. 20-asrning 50-y.larida odam K.sining rivojlana boshlashi bilan bir qatorda irsiy kasalliklarnit xromosomalar bilan bogʻlikligi aniqlandi (qarang Tibbiyot genetikasi, Odam genetikasi). K., sitologiya, sitosistematika, sitogenetika sohasidagi maqolalar Florensiya unti tomonidan nashr etilayotgan "Caryologia" (1948 y.dan) xalqaro jur.da chop etiladi.

Sharifjon Toʻrabekov[1]

Manbalar[tahrir]

  1. OʻzME. Birinchi jild. Toshkent, 2000-yil