Karavajo Mikelanjelo

Vikipediya, ochiq ensiklopediya

KARAVAJO (Caravaqqio, asli Merizida Karavajo) Mikelanjelo (1573. 28.9, Lombardiya —1610.18.7, Toskana) — italiyalik rassom. 17-asr Yevropa rangtasvirida realistik yoʻnalish asoschisi. Milanda tahsil olgan (1584— 88). Rim, Neapol, Malta o., Sitsiliyada yashab ijod qilgan. K. ijodida manyerizm va akademizm sanʼatiga xos boʻlgan obrazlarni ideallashtirishga individual taʼsirchanlikni ("Kasal kichkintoy Vakx"), mavzuni majoziy talqiniga naturani bevosita kuzatishni ("Mevali savat koʻtargan oʻspirin" va b.) qaramaqarshi qoʻyadi. Antik mavzulardagi asarlari ("Vakx", 1592—93, Karavajo. "Lyutna chalayotgan qiz" (1595). Ufitssi galereyasi)da bayramlar, begʻubor shoʻxlik ruhi aks etgan. Rangtasvirning yangi turlari — natyurmort ("Savatdagi mevalar", 1596), maishiy ("Folbin" va b.) janrlarning shakllanishiga katta hissa qoʻshdi. Diniy mavzudagi asarlari ("Misrga yoʻl olganlar xordigʻi" va b.)ga ham chuqur hayotiy ruh baxsh eta olgan. Yirik polotnolari katta dramatik kuchga ega ("Avliyo Pyotrning mixlanishi", 1601; "Tobutga qoʻyish", 1604; "Avliyo Matvey azoblari", 1606 — hammasi Rimda; "Mariyaning oʻlimi", 1606, Luvrda). K. ijodi rangtasvir usuli, nursoyaning nihoyatda keskinligi, harakatlarning soddaligi, boy koloriti, asarlaridagi ehtiros va dramatik ruhi bilan diqqatga sazovor.

K. ijodi 17-asr Yevropa rassomlik maktablarida realizm yoʻnalishi oqimlari (jumladan, karavajizm)ni shakllanishiga katta taʼsir koʻrsatdi.[1]

Manbalar[tahrir | manbasini tahrirlash]

  1. OʻzME. Birinchi jild. Toshkent, 2000-yil