Kapital bozori

Vikipediya, ochiq ensiklopediya

Kapital bozori, fond bozori — boʻsh turgan pul mablagʻlarini toʻplash, ularni ssuda kapitaliga aylantirish, soʻngra uni ishlab chiqarish jarayonlari ishtirokchilari (banklar, korxonalar, firmalar, shuningdek, mamlakat aholisi) oʻrtasida taqsimlash munosabatlari; qimmatli qogʻozlar, korxonalarning aksiyalari hamda davlat obligatsiyalari bilan oldisotdi operatsiyalari olib boriladi. Pul kapitalining qayta taqsimlanishida ishtirok etadigan banklar, fond birjalari va b. moliya-kredit muassasalari majmuini oʻz ichiga oladi. Kapital bozori pul bozori bilan birga iqtisodiyotning tarmoqlari va hukumat uchun tashqi kapital manbai hisoblanadi, ssuda kapitaliga talab va taklifni shakllantiradi.

Kapital bozor kompaniyalar va davlatning qisqa muddatli qimmatli qogʻozlari bilan ham shugʻullanadi. Kapital bozori qimmatli qogʻozlarni sotuvchilar va sotib oluvchilar, ixtisoslashgan fond brokerlari, savdo va tijorat banklari, markaziy bank, pensiya fondi, sugʻurta kompaniyalari, investitsiya kompaniyalari, sanoat korxonalari, xorijiy investorlar, korxonalar, tashkilotlar ishtirok etadilar. Manbalar va kiritilgan sohalariga qarab xalqaro va milliy Kapital bozorlari bor (yana q. Valyuta bozori, Birja). Kapital bozor ikki asosiy vazifani bajaradi: a) birlamchi bozor yoki yangi emissiya bozori. Bunda investitsiya va b. maqsadlar uchun zarur boʻladigan kapital yangi aksiya, obligatsiya va b. qimmatli qogʻozlarni chiqarish hisobiga shakllantiriladi; b) ikkilamchi bozor. Bunda mavjud qimmatli qogʻozlar bilan operatsiyalar olib boriladi. Ikkilamchi bozor qimmatli qogʻozlarni sotuvchilardan haridorlar qoʻliga oʻtishni yengillashtiradi. K.b. mamlakat moliya tizimida muhim oʻrin egallab, aholining jamgʻarilgan mablagʻlarini investitsiyalarga va investitsiyalarni qimmatli qogʻozlar portfeliga aylantirish mexanizmi boʻlib xizmat qiladi. Oʻzbekistonda 200 dan ortiq brokerlik idoralariga ega boʻlgan "Toshkent" fond birjasi 1994-yildan qimmatli qogʻozlar savdosi bilan shugʻullanadi.

Sadir Salimov.[1]

Tahrirchi - Murodov Jamoliddin.

Manbalar[tahrir | manbasini tahrirlash]

  1. OʻzME. Birinchi jild. Toshkent, 2000-yil