Kapella

Vikipediya, ochiq ensiklopediya

Kapella (ital. capella — kichik ibodatxona) — 1) katolik va anglikan meʼmorligida uncha katta boʻlmagan inshoot yoki ayrim zodagonlarning oilaviy ibodati uchun moʻljallangan kichik ibodatxona, tabarruk buyumlar saqlanadigan va xor ijro etiladigan joy. Kapella ibodatxonalarda (asosan, yon tomonida yoki xor atrofida), saroy va qasrlarda joylashgan. Shuningdek, alohida Kapellalar ham qurilgan; 2) (musiqada) xor jamoasi. Dastlab faqat qoʻshiqchilardan iborat boʻlgan; keyinchalik, cholgʻu musiqa rivoji natijasida vokal-cholgʻu musiqa jamoalariga aylangan. Oʻzbekistonda xor sanʼati ravnaq topib, turli xor jamoalari, shu jumladan, Oʻzbek davlat filarmoniyasi xor Kapellasi (1952), Oʻzbekiston televideniyesi va radiosi xor Kapellasi (1960) tashkil etilgan; 3) baʼzi maxsus orkestrlarning nomi (harbiy K., raqs Kapellasi va b.); 4) kapella — cholgʻular joʻrligisiz xor ijrochiligi. Professional xor sanʼati uslubi sifatida oʻrta asrlarda katolik cherkovidagi diniy marosimlarda yuzaga kelgan. Niderland maktabi namoyandalari, Italiya kompozitorlari (J. Palestrshsh va b.) ijodida oʻz choʻqqisiga koʻtarilgan. Uygʻonish davridan boshlab kapella uslubi dunyoviy xonandalik sanʼatida, xususan, madrigal turidagi xonaki vokal janrida rivojlandi. Unda inson ovozining boyligi va goʻzalligi toʻla namoyon boʻlganligi uchun turli davr kompozitorlarining bu uslubga qiziqishi kuchayib borgan (F. Shubert, I. Brams, B.Bartok, S. Taneyev, G. Sviridov va b.). Mazkur uslubda kuylash bolgar, gruzin, rus, eston va b. xalklar ijodida ham keng tarqalgan. Oʻzbekistonda M.Burhonov a kapella janri asoschisidir. Uning anʼanalarini Urta Osiyo kompozitorlari va oʻzbek kompozitorlaridan S. Boboyev, M. Nasimov, I. Akbarov, B. Umidjonov, M. Bafoyev va b. davom ettirishgan.[1]

Manbalar[tahrir | manbasini tahrirlash]

  1. OʻzME. Birinchi jild. Toshkent, 2000-yil