Kontent qismiga oʻtish

Kamptozoylar

Vikipediya, ochiq ensiklopediya

Kamptozoylar (Kamptozoa) — tuban chuvalchanglar tipi. Ayrim zooologlar K.ni mshankalarga kiritadi. Oʻtroq yakka yoki koloniya boʻlib, dengiz va chuchuk suvda yashaydi. Tanasi likopchaga oʻxshash, uz. 1 mm dan 1 sm gacha, ogʻiz teshigi hilpillovchi paypaslagichlar bilan oʻralgan, anal teshigi orqa tomoniga koʻchgan. Poyasi yordamida substratga yopishib oladi, tana boʻshligʻi parenxima bilan toʻlgan. Ichagi taqasimon, ayirish organi — protonefridiylar. Qon aylanish va nafas olish sistemasi boʻlmaydi. Nerv gangliysi ogʻiz va anal teshigi oʻrtasida joylashgan. Ayrim jinsli yoki germafrodit. Ayrim turlari kurtaklanib koloniya xrsil qiladi. Metamorfoz orqali rivojlanadi, lichinkasi troxoforaga va mshankalar lichinkasiga oʻxshaydi. K. tipi 1 sinf va 60 ga yaqin turni oʻz ichiga oladi; hamma dengizlarda uchraydi. Sohil yaqinida, ayrim turlari 300 m gacha chuqurlikda yashaydi. Detrit va fitoplankton bilan oziqlanadi. [1]

  1. OʻzME. Birinchi jild. Toshkent, 2000-yil