Kamer musiqa

Vikipediya, ochiq ensiklopediya
Jump to navigation Jump to search

Kamer musiqa (lot. camera — xona) — katta boʻlmagan xonada tor doiradagi tinglovchilarga ijro etish uchun moʻljallangan musiqa asarlari. Filarmoniya zali, teatr binosi kabi maxsus joylarda ijro etiladigan simfonik, konsert, opera va balet janrlaridan farq qiladi. K.m. yakka ijrochi yoki kamer ansambl (duet, trio, kvartet va b.) uchun yozilgan sonata, syuita, miniatyura, romans kabi namunalardan iborat; unda nozik ifodaviy vositalar, lirik hamda chuqur psixologik holatlar asosiy oʻrin tutadi. "K.m." atamasi dastlab 16—17-asrlarda Italiyada cherkov musiqasidan farqlash uchun dunyoviy vokal va cholgʻu musiqasiga nisbatan qoʻllanilgan. 19-asrga kelib K.m. konsert zallarida ham ijro etila boshladi. 19—20-asrlarda koʻp mamlakatlarning kompozitorlari ijodida K.m. janr va shakllari rivojlandi. Oʻzbekiston kompozitorlari G. Mushel, M. Burhonov, S. Yudakov, B. Giyenko, Ik. Akbarov, S. Jalil, F. Yanov Yanovskiy, T. Qurbonov va b. turli K.m. asarlari yaratishgan. [1]

Manbalar[tahrir]

  1. OʻzME. Birinchi jild. Toshkent, 2000-yil