Kamajutsu

Vikipediya, ochiq ensiklopediya
Kama

Kamajutsu (yaponcha: 鎌術?) — yaponlarning anʼanaviy metall oʻroqqa oʻxshash „kama“ quroli bilan jang qilish sanʼati.

Tarixi[tahrir | manbasini tahrirlash]

Oʻroqlardan foydalanish dunyoning koʻplab mamlakatlarida qadimdan maʼlum. Tinchlik davrida dehqonlar ularni qishloq xoʻjaligida, urushda va gʻalayonlar paytida qurol sifatida ishlatgan. Yaponiyada esa bu maxsus jang sanʼati sifatida rivojlangan.

Pichoqning shakli, tutqichning uzunligi, ularning oʻlchamlari va ulanish usuli maktablar orasida farq qiladi. Koʻpincha oʻroq biroz egilgan, ancha keng poʻlat pichoq boʻlib, uning uzunligi 13,5 dan 16,5 sm gacha, faqat ichkariga qaragan tomoni oʻtkirlangan. U uzunligi 36 dan 55 sm gacha bo"lgan, qizil eman daraxtidan tayyorlangan dastakka uncha katta boʻlmagan burchak ostida oʻrnatilgan. Mustahkamlash uchun tutqichning uchiga temir halqa qoʻyilgan[1].

Baʼzi maktablarda jang qilish texnikasi „oo-gama“ — „katta oʻroq“ yoki „nagatsuka-gama“ — „uzun tutqichli oʻroq“ deb nomlanuvchi boshqa turdagi oʻroq bilan ham oʻrganilgan. Uning yordami bilan odamlar va otlarning oyoqlarini kesish, chavandozlarning boshini uzish, nayza va qilich zarbalariga uning yordamida chap berish mumkin edi[1]. „Kama“ bilan ishlashni koʻrib chiqqan"Bugei" samuray maktablarida kamajutsu deganda professional qurol ustasi tomonidan yaratilgan predmet bilan aniq tarzda ishlash koʻzda tutiladi. Bunday maktablarda oʻroq raqibga qarshi qaratilgan yaxshi „zirh teshuvchi“ qurol hisoblangan. Yaʼni, bunda tigʻ bilan ogʻir shikast yetkazish, mushaklarni, paylarni, hayotiy muhim vena va arteriya tomirlarini kesish tushuniladi[2].

Bir-biridan tutqich uzunligi, oʻlchami, tigʻning egrilik darajasi, tutqichga mahkamlash usullari bilan farq qiladigan oʻroqlar yapon jangchilari tomonidan qadimdan qoʻllanilgan. Ayniqsa, ular dengiz flotida juda keng qoʻllanilgan. Yaʼni, u yerda dushman qayiqlarini tortib olish (jang qilish maqsadida dushman kemasiga oʻtib olish uchun) va kemalarning sayoz suvda harakatlanishini qiyinlashtirgan dengiz oʻtlarini kesib tashlash uchun ishlatilgan[1].

Kamajutsu sanʼati Yamamoto Muhen-ryu, Yagyu Shingan-ryu, Ikkan-ryu, Isshin-ryu, Kashima Shinkage-ryu, Kentoku-ryu va boshqa maktablarning oʻquv dasturlarida mavjud. Bunday oʻroqlar ninzyalar orasida ham juda mashhur edi. Qoidaga koʻra, ular kiyim ostida osongina yashirinadigan kichik qurollardan foydalanganlar. Ninzyalar oʻroqlardan nafaqat qurol, balki toʻsiqlar va tuzoqlarning arqonlari, shaqildoqlarga (ularni signal beruvchi tuzoq sifatida ishlatishgan, yaʼni, unga tegib ketilsa, oʻzidan maʼlum bir ovoz chiqaradi) biriktirilgan iplar, butalar, chakalakzorlar va zich oʻrmonlardagi oʻtish joylarini kesish uchun ham ishlatishgan[1].

Manbalar[tahrir | manbasini tahrirlash]

  1. 1,0 1,1 1,2 1,3 А. Горбылёв. „Кама-дзюцу“ (ruscha). "Боевой дух". 16-aprel 2014-yilda asl nusxadan arxivlangan. Qaraldi: 15-aprel 2014-yil.
  2. А. Смирнов. „Раздел 1. Часть 5. Глава 1. КАМАДЗЮЦУ 鎌術 и ДЗИНГАМА НО ДЗЮЦУ 陣之鎌術“ (ruscha). Виртуальный Додзё Александра Смирнова. 2014-yil 16-aprelda asl nusxadan arxivlangan. Qaraldi: 15-aprel 2014-yil.