Kalka jangi

Vikipediya, ochiq ensiklopediya
Jump to navigation Jump to search

Kalka jangi - Ukrainaning Donetsk viloyatidagi Kalka (hoz. Kalchik) daryosi irmogʻi Kalmius boʻyida rus knyazlari va qipchoq qoʻshinlari bilan moʻgʻul qoʻshini oʻrtasida boʻlgan jang (1223 y. 31 may). Bu jangda Galich knyazi Mstislav Udaloy boshchiligida rus qoʻshini va qipchoqxoni Kotyan (Mstislavning qaynotasi) birgalikda moʻgʻullarning Jebe noʻyon va Subutoy bahodir boshchiligidagi tumanlariga (20 ming jangchi) qarshi turgan.

Chingizxonning farmoniga koʻra, xorazmshoh Muhammadni taʼqib etish uchun joʻnatilgan Jebe noʻyon va Subutoy bahodir boshchiligidagi 20 minglik (2 tuman) qoʻshin, yoʻlida duch kelgan Shim. Eron, Kavkazdagi shaharlarni vayron qilib Kavkaz ortidagi dashtlarga chiqishgan. Ular oʻzaro ittifoq tuzgan alan, lazgin, cherkas va qipchoqlar qoʻshinini tor-mor keltirishgan. Moʻgʻullardan qattiq zarbaga uchragan qipchoqlar Dashti Qipchoqni tark eta boshlagan. 10 ming qipchoq oilasi Dunay ortidagi hududga, Vizantiya imperiyasi hududiga qochib oʻtgan. Qipchoqlarning katta qismi ruslar hududiga, Kiyev knyazligiga qochib kelgan. Qipchoqlar orasida ularning xonlaridan biri Kotyan (Qoʻton) ham bor boʻlib, u kuyoviga tuya, ot, buqalar, chiroyli choʻrilar berajagini, bularning evaziga esa moʻgʻullarga qarshi kurashda yordam berishini soʻragan, aks holda, qipchoqlar yeriga hujum qilgan moʻgʻullar ruslarga ham hujum qilajaklar deb aytgan. Mstislav Kiyevda Jan. rus knyazlarining sʼyezdini chaqirgan. Unda qipchoqlar bilan hamkorlikda moʻgʻullarga qarshi chiqishga qaror qilingan. Sʼyezd yordam soʻrab Suzdalga ulugʻ knyaz Georgiy huzuriga choparlar yuborib, soʻngrazudlik bilan qoʻshin toʻplash uchun tarqalgan. Kiyev knyazi Mstislav, Smolensk knyazi Vladimir va bir necha kichik, mayda knyazlar moʻgʻullarga qarshi chiqib, Dnepr sohiliga kelishgan. Moʻgʻul lashkarboshilari ular xuzuriga elchilarini yuborib, ruslar bilan qipchoqlar ittifoqiga barham berishga uringan. Biroq, ruslar elchilar (10 kishi)ni qatl etib, Dneprni kechib oʻtishgan va qirgʻoqdagi moʻgʻullar ilgʻori boshligʻi Gemabekni asirga olishgan, uni qipchoklar qatl etgan. Harbiy hiyla ishlatib, atayin chekinayotgan moʻgʻullarni taʼqib etgan ruslar Kalka daryosi tomon harakat qilgan, ular Kalkani kechib oʻtishgan. Daryo rus qoʻshinining ortida qolganini koʻrgan moʻgʻullar jangga hozirlik koʻrishgan. Galich knyazi boshqa knyazlarsiz ham oʻzining gʻalaba qozonishiga toʻla ishongan holda Kiyev va Chernigov knyazlarini ogohlantirmay turib 1223 y. 31 mayda jangni boshlagan. Lekin, qipchoqlar koʻmak berib tursada uning qoʻshini butkul yanchib tashlangan. Knyaz jangchilarini tashlab, daryodagi qayiqlarini yondirib yuborib, oʻzi esa sharmandalarcha qochib qolgan. Rus qoʻshinidan atigi oʻndan bir qismi omon qolgan, olti knyaz halok boʻlgan. Ustiga-ustak qipchoklar jang maydonini tashlab qochayotganlarni oʻldirganlar, ularning otlarini oʻlja olganlar. Kiyev knyazi bu magʻlubiyatning ryvohi boʻlgan, lekin u daryo qirgʻogʻidagi tepalikda joylashgan oʻz qarorgohidan qoʻzgʻalmagan. U qarorgohini mustahkamlashga kirishgan, lekin, moʻgʻullar fursatni boy bermay hujumga oʻtishgan. Moʻgʻullarning bir qismi rus qoʻshinining omon qolgan jangchilarini taʼqib etgan boʻlsa, boshqasi Kiyev knyazi qarorgohiga hujum qilgan. Knyaz 3 kun mobaynida mardonavor kurashgan, biroq, moʻgʻullarga Toxuchar noʻyon tumani (10 ming jangchidan iborat qoʻshin) yordamga yetib kelganini koʻrgach, taslim boʻlishga qaror qilgan. U moʻgʻullardan oʻzi, 2 knyazi va kuyovlarining jonini omon krldirishlarini soʻrab, evaziga tovon toʻlashini bildirgan. Moʻgʻullar shartni qabul qilishgan, lekin ularni asir olgach, barchalarini qatl etishgan. Uchta knyaz sharmandali oʻlimga mahkum etilgan; moʻgʻullar ularni taxta supa tagiga yotqizib ustida zafar bazmi uyushtirganlar.

Moʻgʻullar K.j.dan soʻng Rossiya hududiga hech qanday qarshiliksiz bostirib kirishgan.

1380 y.da Oltin Oʻrda taxtida hukmronlik qilish uchun Toʻxtamish bilan Mamay oʻrtasida ham K. j. boʻlgan. Unda Mamay magʻlubiyatga uchragan.

Adabiyot[tahrir]

  • Murad Adji, Polin polovetsskogo polya, M., 1994; Karamzin N. N., Istoriya gosudarstva Rossiyskogo, t. 2—3, M., 1990; D ‘ Osson, Ot Chingisxana do Tamerlana, Almaati, 1996.[1]

Manbalar[tahrir]

  1. OʻzME. Birinchi jild. Toshkent, 2000-yil