Kadrlar

Vikipediya, ochiq ensiklopediya
Jump to navigation Jump to search

Kadrlar (frans. cadre — shaxsiy tarkib) — 1) korxona, muassasa, firma, hissadorlik jamiyatlari, banklar, kasaba uyushmalari va jamoat tashkilotlarida malakali xodimlarning asosiy tarkibi.

Oʻzbekistonda mustaqillikdan soʻng K. tayyorlash Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi tomonidan 1997 y. 29 avg .da qabul qilingan Kadrlar tayyorlash milliy dasturi asosida amalga oshirilib, bir butun uzluksiz tizimda olib boriladi. Shaxsning kadr sifatida shakllanish bosqichiga tayyorgarlik umumiy oʻrta taʼlim maktablari, akademik litseylarda amalga oshiriladi. K.ning asosiy kontingenti kasb-hunar kolleji, bakalavriat va magistratura orqali tayyorlanadi. Yuqori ilmiy salohiyatli, malakali K. ni tayyorlash aspirantura, ordinatura, adʼyunktura, doktoranturada amalga oshiriladi.

Mamlakatda yuqori malakali K.lar tayyorlashga alohida eʼtibor qaratilmoqsa. Shu maqsadda yangi oʻquv dargohlari ochildi, talabalarni rivojlangan xorijiy mamlakatlarda kasb egallashlariga keng yoʻl ochib berildi. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti I. A. Karimov birinchi chaqiriq OʻzR Oliy Majlisining 9-sessiyasi (1997)da umumlashtirilgan holda K. tayyorlash tizimining shakllanishi va faoliyat koʻrsatishning asosiy tamoyillari quyidagi vazifalarni oʻz ichiga olishini taʼkidladi: barcha xil va turdagi taʼlim muassasalarida yuqori malakali mutaxassislar tayyorlash uchun uzluksiz taʼlim, fan va i.ch. salohiyatidan samarali foydalanish; davlat taʼlim standartlarini joriy etish va ularning faoliyat koʻrsatish mexanizmini ishlab chiqish; ixtisosliklar, malaka darajasiga koʻra, mutaxassislarga boʻlgan umumdavlat va mintaqaviy talablarning istiqbolini aniqlash; taʼlim tizimini tuzilish va mazmun jihatidan isloh qilish uchun oʻqituvchilarni va murabbiylarni qayta tayyorlash; davlat va ijtimoiy muassasalarning kasbga yoʻnaltirish boʻyicha faoliyatini takomillashtirish. Bunda kasb tanlashning bozor ehtiyojlari va imkoniyatlarini eʼtiborga olish zarur, toki bir shaxs oʻziga mos kasbni egallay olsin; K. tayyorlash tizimi isteʼmolchilari — korxonalar, muassasalar, firmalar, hissadorlik jamiyatlari, banklar va b. tuzilmalarning imkoniyatlaridan, birinchi navbatda, oʻrta maxsus kasb-hunar va oliy oʻquv yurtlarining moddiy va moliyaviy bazasini mustahkamlash uchun mumkin qadar kengroq foydalanish; K. tayyorlash va taʼlim sohasiga chet el sarmoyalari, xalqaro donorlik tashkilotlari va jamgʻarmalarining mablagʻlarini jalb etish; qonun doirasida oʻquv rejalari, dasturlari va oʻqitish yoʻriqlari, taʼlimiy xizmatlarni belgilashda taʼlim muassasalariga, birinchi navbatda, oliy oʻquv yurtlariga mustaqillik berish va oʻzini oʻzi boshqarish usullarini joriy etish. Yuqori malakali, zamonaviy bilimlarga ega boʻlgan, hozirgi kun talablari asosida fikrlay oladigan yetuk K.ni tayyorlash — ham ijtimoiy-siyosiy, ham iqtisodiy muammolarni hal etishning kaliti hisoblanadi.

2002 y. Oʻzbekistonda umumiy oʻrta taʼlim maktablarini 603193 (shulardan 35663 tasi 11-sinfni), akademik litseylarni 4349, kasb-hunar kollejlarini 24368, bakalavriatni 27742, magistraturani 1828 nafar oʻquvchi yoshlar bitirib chikdi. 1999 y.da aspiranturada 3,9 ming , doktoranturada 340 kishi tahsil oldi. Oʻzbekistonda K. maʼlum muddatlarda maxsus kurslarda oʻz malakalarini oshirib boradilar. Buning uchun barcha sohalardan malaka oshirish institutlari, fakultetlari, kurslar tashkil etilgan. 1999 y. Oʻzbekistonda 308,3 ming kishi i.ch.da yangi kasb oʻrgangan va malakasini oshirgan hamda boshqa oʻqish turlariga jalb qilingan.

2) Qurolli kuchlarda — haqiqiy xizmatdagi komandirlar va oddiy askarlar tarkibi.[1]

Manbalar[tahrir]

  1. OʻzME. Birinchi jild. Toshkent, 2000-yil