Kiroman Kotibin

Vikipediya, ochiq ensiklopediya
(KIROMAN KOTIBINdan yoʻnaltirildi)

Kiroman Kotibin (arabcha: kirom — so‘zi karamli, muhtaram, aziz; arabcha: kotib — so‘zi yozuv-chizuv ishlari va yozishmalarni olib boruvchi shaxs maʼnosini bildiradi) — insonlarning har bir amallarini yozib boruvchi farishtalar.

Qur’oni karimda bir marta: „Holbuki, ustingizdan kuzatib turuvchilar bordir. Ular kiroman kotibin (hurmatli yozib turuvchilar). Nima qilayotganingizni biladiganlardir“ (Infitor, 10-12 oyatlar) uchraydi. Alloh taolo har bir insonga ikki farishtani: o‘ngdan bitta va chapdan bittani biriktirgan, ikkovlari insonning yaxshilik va yomonliklarini yozib boradilar. Ular „Kiroman kotibin — hurmatli yozib turuvchilar“ deyiladi va mazkur farishtalar Allohning huzurida mukarram sanaladilar. Har bir bandaning o‘ng tomonidagi farishta yaxshi amallarini, chap tomonidagi farishta yomon amallarini yozib boradi.

Qiyomat kuni insonga hujjat sifatida ko‘rsatiladigan nomai aʼmol ushbu farishtalar yozgan yozuvlar bo‘ladi. Bu xususda Imom Hasan Basriy: „Ey odam bolasi, sening sahifang ochildi, ikki hurmatli farishta senga vakil qilindi. Bittasi, o‘ng tarafingdagisi yaxshiliklaringni yozadi, ikkinchisi, chap tarafingdagisi yomonliklaringni yozadi. Nimani xohlasang, qilaver, ozmi, ko‘pmi. Vafot etganingda sahifang berkitiladi, qabringda bo‘yningga osib qo‘yiladi. Qiyomat kuni shunday holda qabringdan chiqasan“ deganlar[1].

Manbalar[tahrir | manbasini tahrirlash]

  1. Najmiddinov, Karimov, Turdiyeva 2017, s. 253.

Adabiyotlar[tahrir | manbasini tahrirlash]

  • Najmiddinov J., Karimov J., Turdiyeva D.. Dinshunoslik. Qomusiy lugʻat. Imom Buxoriy xalqaro markazi nashriyoti, 2017 — 480 bet. ISBN 978-9943-5105-3-1.